Germaniyaga kelish yo’llari
O’qish, Ausbildung, ish yoki oila birlashtirish: qaysi yo’l sizga mos, nima talab qilinadi va qaysi hujjatlar kerak. Hammasi bir sahifada, rasmiy manbalarga havolalar bilan.
📌 Ma’lumotlar 2026-yil noyabr holatiga ko’ra. Qoidalar o’zgarib turadi, ariza berishdan oldin rasmiy sahifani albatta tekshiring.
🎓 Germaniyada o’qish (bakalavr)
Maktab, litsey yoki kollejni bitirganlar va O’zbekistonda oliygohda o’qiyotganlar uchun. Davlat universitetlarida o’qish deyarli bepul.
Eng muhim qoida: O’zbekistondagi maktab attestati yoki litsey diplomining o’zi Germaniyada universitetga kirish uchun yetarli emas. Ikki yo’l bor: Germaniyada 1 yillik Studienkolleg yoki O’zbekistonda tan olingan oliygohda kamida 1 yil muvaffaqiyatli o’qish (shu yo’nalish va unga yaqin sohalar uchun).
- Yo’nalish va universitet tanlang. DAAD ma’lumotlar bazasida hujjatingiz bilan qayerga kirish mumkinligini tekshiring.
- Til sertifikatini oling. Nemis tilidagi dastur uchun odatda DSH yoki TestDaF, ingliz tilidagi dastur uchun IELTS.
- Hujjat topshiring. uni-assist orqali yoki to’g’ridan-to’g’ri universitetga.
- Zulassung (qabul xati) oling. Studienkollegga qabul xati ham viza uchun yaroqli.
- Pulni ko’rsating va sug’urta qiling. Sperrkonto (yoki stipendiya / Verpflichtungserklärung) va xususiy nemis tibbiy sug’urtasi.
- Viza arizasini bering. Toshkentdagi Germaniya elchixonasi sahifasidagi tartib bo’yicha. Viza to’lovi 75 €.
- Germaniyaga keling. Ro’yxatdan o’ting va Ausländerbehördedan yashash ruxsatnomasini oling.
📄 Viza uchun asosiy hujjatlar
- Universitet yoki Studienkollegdan qabul xati (Zulassung)
- Oldingi o’qish hujjatlari va baholar varaqasi
- Rezyume (CV) va imzolangan motivatsion xat, ikkalasining tasdiqlangan nemischa tarjimasi
- Moliyaviy kafolat: Sperrkontoda oyiga 992 € hisobidan (1 yilga 11 904 €)
- Til sertifikati (DSH/TestDaF yoki IELTS)
- Xususiy nemis tibbiy sug’urtasi
💡 O’qish paytida ishlash
- Yiliga 140 to’liq yoki 280 yarim kun ishlash mumkin
- Yoki dars davrida haftasiga 20 soatgacha
- Universitetdagi talaba yordamchisi (HiWi) ishlari bu cheklovga kirmaydi
Saytdagi batafsil postlar
📚 Magistratura
O’zbekistonda yoki boshqa davlatda bakalavrni bitirganlar uchun. Studienkolleg kerak emas.
- anabin’da tekshiring. Universitetingiz «H+» bo’lsa, diplomingiz Germaniyada tan olinadi.
- Dasturni tanlang. Nemis yoki ingliz tilidagi dasturlar, talablarni har bir universitet o’zi belgilaydi.
- Hujjat topshiring. Ko’p universitetlar uni-assist orqali qabul qiladi.
- Stipendiyaga ham topshiring. DAAD va boshqa fondlarning muddatlari ancha oldin tugaydi.
- Viza, Sperrkonto va sug’urta. Bakalavr yo’lidagi kabi.
📄 Odatda so’raladigan hujjatlar
- Bakalavr diplomi va ilovasi (baholar), tarjimasi bilan
- Til sertifikati (nemis yoki ingliz, dastur talabiga qarab)
- CV va motivatsion xat
- Ba’zi dasturlarda: tavsiya xatlari, ish tajribasi yoki GRE
🛠️ Ausbildung (kasb ta’limi)
Universitetga emas, amaliy kasbga qiziqadiganlar uchun. Haftaning bir qismi korxonada, bir qismi Berufsschuleda o’tadi va birinchi kundan maosh to’lanadi.
- Nemis tilini B1 gacha o’rganing. Dars va imtihonlar nemis tilida bo’ladi.
- Kasbni tanlang. Mechatroniker, Pflegefachmann, Elektroniker, Koch va boshqalar.
- Ausbildung joyini toping. Korxonaga ariza yozasiz, intervyudan o’tasiz.
- Shartnoma imzolang. Maosh, ish soati va Ausbildung rejasi yozilgan shartnoma kerak.
- Viza arizasini bering. Shartnoma, Berufsschule tasdig’i va ish beruvchi to’ldirgan «Erklärung zum Beschäftigungsverhältnis» bilan.
📄 Viza uchun asosiy hujjatlar
- Imzolangan Ausbildung shartnomasi va Ausbildung rejasi
- Nemis tili B1 sertifikati
- Berufsschulega yozilganlik tasdig’i
- «Erklärung zum Beschäftigungsverhältnis» yoki Bundesagentur für Arbeit roziligi (Vorabzustimmung)
- Attestat/diplom va baholar, CV va motivatsion xat (tasdiqlangan nemischa tarjima bilan)
- Xususiy nemis tibbiy sug’urtasi
💶 Maosh yashashga yetmasa
- Make it in Germany ma’lumotiga ko’ra 2026-yilda Ausbildung maoshi oyiga kamida 1048 € brutto (822 € netto) bo’lishi kerak
- Kam bo’lsa, yetmagan qismini Sperrkonto, Verpflichtungserklärung yoki haftasiga 10 soatgacha qo’shimcha ish shartnomasi bilan ko’rsatasiz
- Aniq summani elchixona sahifasida tekshiring
💼 Germaniyada ishlash
Oliy ma’lumotli yoki kasb diplomi va tajribasi bor mutaxassislar uchun. Uch asosiy variant: mutaxassis (Fachkraft) vizasi, Blue Card va ish izlash uchun Chancenkarte.
🔵 Blue Card (Blaue Karte EU)
- Oliy ma’lumot va kamida 1 yillik ish shartnomasi kerak
- 2026-yilda yiliga kamida 50 700 € brutto maosh
- Tanqis kasblar (masalan, IT, muhandislik, tibbiyot) va so’nggi 3 yil ichida bitirganlar uchun 45 934,20 €
- Diplomingizni anabin’da tekshiring; «H+» bo’lmasa yoki topilmasa, ZAB baholashi kerak bo’ladi
- Blue Cardni Germaniyadagi Ausländerbehörde beradi, elchixona esa kirish vizasini
🧰 Mutaxassis (Fachkraft) vizasi
- Oliy yoki kasb ma’lumoti va shu sohadagi ish taklifi
- Kasb diplomi bo’lsa, Germaniyada tan olinganlik (Gleichwertigkeitsbescheid) ariza berishdan oldin bo’lishi kerak
- Bundesagentur für Arbeit diplomingiz ishga mosligini tekshiradi
- 45 yoshdan katta bo’lsangiz va maosh 2026-yilda 55 770 € dan kam bo’lsa, pensiya ta’minotini ko’rsatishingiz kerak
- Tezlashtirilgan tartib (§81a): ish beruvchi Germaniyada boshlaydi, to’lovi 411 €
🔎 Chancenkarte (ish izlash kartasi)
- Kamida 2 yillik kasb ma’lumoti yoki oliy ma’lumot; ball tizimida kamida 6 ball (tan olingan mutaxassislarga ball kerak emas)
- Nemis yoki ingliz tili bilimi (ingliz tili uchun kamida B2)
- Oyiga kamida 1091 € netto yashash puli (2026), masalan Sperrkonto orqali
- 12 oygacha beriladi, ish izlash paytida haftasiga 20 soatgacha ishlash mumkin
- Diplomingizni tekshiring. Oliy ma’lumot uchun anabin, kasb uchun «Anerkennung in Deutschland» portali.
- Nemis tilini o’rganing. Ko’p ish beruvchilar uchun til hal qiluvchi omil, tibbiyot va parvarish sohasida B2 so’raladi.
- Ish toping yoki Chancenkarte oling. Ish taklifi bo’lsa Fachkraft yoki Blue Card, bo’lmasa Chancenkarte bilan kelib izlaysiz.
- Viza arizasini bering. Ish shartnomasi va ish beruvchi to’ldirgan «Erklärung zum Beschäftigungsverhältnis» bilan.
👨👩👧 Oila birlashtirish
Turmush o’rtog’ingiz Germaniyada o’qiyotgan, ishlayotgan yoki Germaniya fuqarosi bo’lsa. Talablar uning yashash ruxsatnomasi turiga qarab farq qiladi.
- Asosni aniqlang. Germaniyadagi turmush o’rtog’ingizning vizasi qaysi: Blue Card, Fachkraft, talaba, Ausbildung yoki fuqarolik.
- A1 sertifikatini oling. Blue Card, mutaxassis yoki ilmiy izlanish vizasi egalarining turmush o’rtoqlariga A1 talab qilinmaydi.
- Daromad va uy-joyni tayyorlang. Germaniyadagi turmush o’rtoq oilani davlat yordamisiz boqa olishini ko’rsatadi (ba’zi hollarda tekshirilmaydi).
- Nikoh guvohnomasini tarjima qiling. Tasdiqlangan nemischa tarjima kerak.
- Ariza bering va kuting. Navbatni elchixona sahifasidagi havola orqali olasiz.
📄 Asosiy hujjatlar
- Ikkala turmush o’rtoqning pasporti (kirish-chiqish muhrlari sahifalari bilan)
- Germaniyadagi turmush o’rtoqning yashash ruxsatnomasi va ro’yxatdan o’tganlik guvohnomasi (Meldebescheinigung)
- Nikoh guvohnomasi va nemischa tarjimasi
- A1 sertifikati (agar sizga talab qilinsa)
- Kerak bo’lsa, daromad va kvartira hujjatlari
📊 Yo’llarni taqqoslash
Jadvalni yon tomonga suring →
| O’qish | Magistratura | Ausbildung | Ish (Blue Card) | Oila | |
|---|---|---|---|---|---|
| Asosiy hujjat | Qabul xati (Zulassung) | Qabul xati | Ausbildung shartnomasi | Ish shartnomasi | Nikoh guvohnomasi |
| Nemis tili | DSH/TestDaF yoki ingliz dasturi uchun IELTS | Dasturga qarab | B1 | Ish beruvchiga qarab | A1 (ba’zilarga kerak emas) |
| Pul (2026) | 992 €/oy | 992 €/oy | Maosh; kam bo’lsa farqi | Kamida 50 700 €/yil (yoki 45 934 €) | Turmush o’rtog’i daromadi |
| Davomiyligi | Kerak bo’lsa Studienkolleg 1 yil + bakalavr dasturi | Dasturga qarab | 2–3,5 yil | Kamida 1 yillik shartnoma | Turmush o’rtog’i vizasiga qarab |
| Ishlash | Yiliga 140 kun | Yiliga 140 kun | Korxonada, maosh bilan | To’liq | Yashash ruxsatnomasiga qarab |
🧭 Boshqa yo’llar
🗣️ Til kursi
Germaniyada nemis tili kursiga kelish. 2026-yilda oyiga 1091 € netto yashash puli ko’rsatiladi.
🤝 Au Pair, FSJ, BFD
Oilada yashab bolalarga qarash yoki ijtimoiy sohada volontyorlik. Til o’rganish va Germaniyani tanishish uchun yaxshi boshlanish.
☀️ Talabalar uchun yozgi ish
O’zbekistondagi talabalar yozgi ta’tilda Ferienjob bilan kelishi mumkin.
❌ Viza rad etilsa
2025-yil 1-iyuldan Remonstration bekor qilingan. Endi rad javobiga qarshi Berlindagi ma’muriy sudga (nemis tilida) murojaat qilinadi.
🔗 Rasmiy manbalar
- Toshkentdagi Germaniya elchixonasi: milliy vizalar
- Elchixona: o’qish vizasi
- Elchixona: Ausbildung vizasi
- Elchixona: mutaxassis va Blue Card vizasi
- Elchixona: ish izlash (Chancenkarte)
- Elchixona: turmush o’rtoq bilan birlashish
- Elchixona: til kursi vizasi
- Make it in Germany: 2026-yilgi summalar (PDF)
- Make it in Germany: Chancenkarte
- Make it in Germany: dual Ausbildung
- DAAD: qabul talablari bazasi
- anabin: diplom va universitetlar bazasi
- uni-assist
- Anerkennung in Deutschland: kasb diplomini tan oldirish
Savollaringiz bo’lsa, tegishli postning ostida izoh qoldiring. Post muallifi: Abu Umar
↑ Yo’lni tanlash