Germaniyada tibbiyotga kirish ballari: qanday baho kerak? (2026)

📌 Ma’lumotlar 2026-yil noyabr holatiga ko’ra.

Assalomu alaykum, hurmatli o’quvchilar. Saytimizda eng ko’p o’qiladigan mavzu bu Germaniyada tibbiyot sohasida o’qish. Shuning uchun eng ko’p beriladigan savol ham bitta: «Germaniyada tibbiyotga kirish uchun necha ball kerak?» Kimdir «imtihon yo’q, baholar yetadi» deydi, kimdir «faqat a’lochilarni olishadi» deydi. Ho’sh, qaysi biri to’g’ri? 🤔

Bugun aynan shu haqida, ya’ni O’zbekistondagi baholaringiz Germaniyada qanday hisoblanishi va qanday baho bilan imkoniyatingiz borligi haqida ma’lumot bermoqchiman.

Avvalo: Germaniyada «kirish ballari» degan narsa yo’q

O’zbekistondagidek test topshirib, ball to’plash tizimi Germaniyada yo’q. Bu yerda asosiy mezon bu sizning o’rtacha bahoingiz. Nemislar buni Numerus Clausus (NC) deyishadi.

NC oldindan belgilangan chegara emas. U o’sha yili qabul qilingan eng oxirgi abituriyentning bahosi. Ya’ni har yili va har universitetda boshqacha bo’ladi.

Yana bir muhim narsa: Germaniyada baholar teskari. 1,0 eng yaxshi baho, 4,0 esa eng past o’tish bahosi.

Chet elliklar uchun alohida kvota

Oldingi postda aytganimizdek, siz nemislar bilan emas, o’zingizga o’xshagan chet elliklar bilan raqobat qilasiz. Har bir universitet tibbiyotdagi o’rinlarning taxminan 5 foizini Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi abituriyentlarga ajratadi.

Masalan, universitetda 300 ta o’rin bo’lsa, chet elliklarga 15 ga yaqin o’rin qoladi. Bu 15 ta o’ringa esa butun dunyodan yuzlab odam hujjat topshiradi.

Hujjatlarni nemislar kabi hochschulstart.de orqali emas, to’g’ridan-to’g’ri universitetga yoki uni-assist orqali topshirasiz. uni-assist birinchi ariza uchun 75€, shu semestrdagi har bir keyingi ariza uchun 30€ oladi.

O’zbekcha baho nemischa bahoga qanday aylantiriladi?

Universitetlar va uni-assist chet el baholarini «modifizierte bayerische Formel» degan formula bilan hisoblaydi:

Nemischa baho = 1 + 3 × (5 − sizning o’rtacha bahoingiz) ÷ (5 − 3)

Bu yerda 5 eng yuqori baho, 3 esa eng past o’tish bahosi. Natija verguldan keyin bitta raqamgacha olinadi. Tushunarli bo’lishi uchun tayyor jadval:

O’zbekistondagi o’rtacha bahoGermaniyadagi baho
5,01,0
4,91,1
4,81,3
4,71,4
4,51,7
4,32,0
4,02,5

Ko’rib turganingizdek, attestatingizda bir nechta «4» bo’lsa ham, nemischa bahoingiz tezda 1,5 dan oshib ketadi.

Qanday baho bilan imkoniyat bor?

Universitetlar chet elliklar uchun aniq NC e’lon qilmaydi, chunki u har yili hujjat topshirganlarga qarab o’zgaradi. Lekin tibbiyot Germaniyadagi eng qiyin kiriladigan yo’nalish va bu kvotada odatda a’lo baholar talab qilinadi.

Rostini aytsam, o’rtacha bahoingiz 4,8 dan past bo’lsa, faqat attestat bilan tibbiyotga kirish juda qiyin. Lekin umidsizlanmang, quyida bahoni qanday «tuzatish» mumkinligini yozdim.

Qaysi baholaringiz hisobga olinadi?

O’zbekistondagi maktab attestati yoki litsey diplomi o’zi Germaniyada universitetga kirish uchun yetarli emas. Shuning uchun ikki xil yo’l bor:

1️⃣. Studienkolleg (M-Kurs). Germaniyadagi 1 yillik tayyorlov kursi. M-Kursda nemis tili, biologiya, kimyo va fizika o’qitiladi, oxirida Feststellungsprüfung topshirasiz. Tibbiyotga hujjat topshirganda ko’p universitetlar aynan shu imtihon bahosini (ba’zilari attestat bilan birga) hisobga oladi. Ya’ni attestatingiz unchalik yaxshi bo’lmasa ham, Feststellungsprüfungdan a’lo baho olsangiz, imkoniyatingiz ancha oshadi. Studienkolleg haqida batafsil bu yerda.

2️⃣. O’zbekistonda oliygohda o’qish. Maktab attestati bilan O’zbekistondagi tan olingan oliygohda kamida 1 yil muvaffaqiyatli o’qigan bo’lsangiz, Studienkollegsiz to’g’ridan-to’g’ri hujjat topshirishingiz mumkin. Lekin bu huquq faqat o’qigan yo’nalishingiz va unga yaqin sohalar uchun beriladi. Ya’ni tibbiyotga kirmoqchi bo’lsangiz, O’zbekistonda ham tibbiyot yoki unga yaqin yo’nalishda o’qigan bo’lishingiz kerak. Kollej diplomi bilan esa 1 yil o’qish faqat Studienkollegga yo’l ochadi, to’g’ridan-to’g’ri kirish uchun 2 yil kerak (anabin, 2021-yildagi qaror). Bunda ham maktab, ham oliygohdagi baholaringiz ko’rib chiqiladi. O’zbekistonda tibbiyotda o’qiyotgan bo’lsangiz, o’qishni ko’chirish haqidagi postni ham o’qib chiqing.

Aniq qoidalar universitetga qarab farq qilishi mumkin, shuning uchun hujjatingiz bo’yicha DAAD ma’lumotlar bazasida yoki anabin saytida tekshirib oling (havolalar post oxirida).

Bahodan tashqari nima qo’shimcha imkoniyat beradi?

  • TestAS (Fachmodul Medizin). Ba’zi universitetlar buni majburiy qilib qo’ygan (masalan, Hamburg va Oldenburg), ba’zilari yaxshi natija uchun qo’shimcha ball beradi. Testni nemis yoki ingliz tilida topshirish mumkin.
  • Tibbiyotga oid tajriba. Med kollej diplomi, hamshiralik ishi, FSJ yoki BFD kabi tajribalar ba’zi universitetlarda qo’shimcha ball beradi. Med kollejni bitirganlar uchun bu post ham foydali.
  • TMS testi haqida. Ko’pchilik TMS testini so’raydi. Bu test asosan nemislar va Yevropa Ittifoqi fuqarolari uchun. Chet elliklar odatda topshirmaydi, topshirishdan oldin universitetdan so’rab oling.

Nemis tili qaysi darajada kerak?

Davlat universitetlarida tibbiyot faqat nemis tilida o’qitiladi va eng kamida C1 darajasi kerak. Ko’p universitetlar DSH-2 yoki TestDaF (har bo’limdan kamida 4 ball) so’raydi. Ba’zi universitetlar til sertifikatini hujjat topshirish paytidayoq talab qiladi, shuning uchun tilni oldinroq tugatgan yaxshi.

Hujjat topshirish muddatlari

Ko’p universitetlarda tibbiyot faqat qishki semestrdan (oktabrdan) boshlanadi. Chet elliklar uchun muddat har universitetda har xil: ba’zilarida 15-yanvar, ba’zilarida 15-iyul yoki boshqa sana. Shuning uchun hujjatlarni kamida bir yil oldin tayyorlashni boshlang va har bir universitet saytida muddatni alohida tekshiring.

Pul masalasi

  • Davlat universitetlarida o’qish deyarli bepul, faqat semestriga 150–400€ atrofida Semesterbeitrag to’lanadi.
  • Baden-Vyurtemberg shtatida Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi talabalar semestriga 1500€ to’laydi.
  • Viza uchun bloklangan hisob raqamga 11 904€ (oyiga 992€) qo’yasiz. Bu 2026-yildagi miqdor. Batafsil bu yerda.

Mening maslahatim

Agar bahoingiz a’lo bo’lmasa, tibbiyot orzusidan voz kechishga shoshilmang. Men quyidagilarni maslahat bergan bo’lardim:

1️⃣. Studienkollegda jiddiy o’qing va Feststellungsprüfungdan iloji boricha yuqori baho oling. Bu sizga bahoingizni «yangilash» imkonini beradi.

2️⃣. TestAS topshiring. Yaxshi natija ba’zi universitetlarda ancha yordam beradi.

3️⃣. Bitta universitetga emas, bir vaqtning o’zida 5–10 ta universitetga hujjat topshiring. Har bir universitetning o’z kvotasi va o’z qoidalari bor.

4️⃣. Nemis tilini C1 gacha O’zbekistonda yoki Germaniyada oldindan tugating. Ko’p abituriyentlar aynan til sertifikati kechikkani uchun bir yil yo’qotadi.

Savollaringiz bo’lsa, izohlarda yozib qoldiring, imkon qadar javob berishga harakat qilaman.

Foydali havolalar

Post muallifi: Abu Umar

Izoh qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Yuqoriga