O’qishni Germaniyaga ko’chirish haqida ma’lumotlar

Assalomu alaykum kanal obunachilari. So’ngi kunlarda qanday qilib O’zbekistondagi o’qishni Germaniyaga ko’chirish mumkinligi haqida ko’plab savollar berilmoqda. Bugun sizlarga shu haqida ma’lumot berib o’tmoqchiman.

Avvalo, O’zbekistondan Germaniyaga O’qishni „ko’chirish“ O’zbekistonni ichida bir oliygohdan ikkinchi oliygohga ko’chirishdan tubdan farq qiladi. Chunki boshqa davlat, boshqa sistema va boshqa til. Shuning uchun, agar O’zbekistonda siz 1-,2- kursni bitirib keyin Germaniyaga o’qishni ko’chirsangiz unda aksar hollarda Germaniyada 1-kursdan boshlab o’qishizga to’g’ri keladi. Chunki odatda O’zbekistonda o’qigan bir yoki ikki kurs sizga Germaniyada yuqori kursda o’qish imkonini bermaydi. Agar siz 3-kursni bitirib, keyin o’qishni ko’chirayotgan bo’lsangiz, unda yuqoriroq semester uchun hujjat topshirishingiz mumkin, bunda siz 3 yil davomida o’qigan fanlaringiz ko’rib chiqiladi va sizga o’qishni qaysi semesterdan boshlashingiz mumkinligi haqida xabar beriladi. Agar xohlasangiz 3-kursni bitirib ham Germaniyada yana boshidan boshlab o’qishingiz mumkin. Shuni maslahat bergan bo’lardim, chunki O’zbekistondagi boshlang’ich kursda o’tiladigon fanlar va Germaniyadagi fanlar bir biridan farq qiladi, yuqori kursdan boshlasangiz qiynalib qolishingiz mumkin.

Yana bir ma’lumot, Germaniyada bakalavr odatda 6 semester ya’ni 3 yil davom etadi (tibbiyot sohasida esa 12 semester ya’ni 6 yil). Siz o’zbekistonda 1, 2 yoki 3 yil o’qib kelib, birinchi kursdan boshlasangiz ham, Germaniyadagi o’qishni qisqaroq muddatda bitirishingiz mumkin. Buning uchun O’zbekistonda o’qigan fanlarni universitetda anerkennung qilasiz hamda o’sha fanni germaniyada o’qishdan ozod bo’lasiz. Misol uchun, siz O’zbekistonda 1-kursda linear algebra fanini o’qigan bo’lsangiz, Germaniyadagi o’qish davomida ham shu fanni o’qishizingiz kerak bo’lsa, universitetni Prufüngsamtiga borib, “oka man bu fandi vatanimda o’qib qo’yganman, betta boshqattan o’qib yuramammi, shundo anerkennung qilib, kreditpunkt berippo’yoring“ deyishiz mumkin. Shunda ular o’qigan faningizni tekshirib, nemislarnikidan farq qilmasa, sizni o’sha fandan ozod qilishi mumkin. Agar fanlar inhaltlich bir biriga to’g’ri kemasa, unda boshqattan o’qishiz kerak bo’ladi. Shunday qilib, O’zbekistondan Germaniyaga o’qishni ko’chirgan odam, 1-kursdan boshlaydi va O’zbekistonda o’qigan fanlarini anerkennung qildirish orqali Germaniyadagi o’qishini tezroq tugatishi mumkin.

Yanayam aniq misollar bilan tushuntiradigan bo’lsak :

1-Holat. Hasanboy O’zbekistonda tibbiyot sohasida 2-kursni tamomlayabdi. U o’qishini Germaniyada davom ettirmoqchi. Bu holatda Hasanboyda o’qishini ko’chirish uchun 2 xil yo’l mavjud :

Birinchisi, Hasanboy Germaniyadagi universitetga 1-kursdan o’qish uchun hujjat topshiradi. Agar o’qishga qabul qilinsa, 1-kurs davomida O’zbekistonda o’qigan fanlarini Anerkennung qildiradi. Agar o’zbekistonda o’qigan fanlari anerkannt bo’lsa, 1-kursni yarmidan keyin, ya’ni 1-semesterni tugatib to’g’ridan-to’g’ri 3-kursga ya’ni 5-semesterga yoki bo’lmasam 2-kursni yarmiga ya’ni 4-semesterga sakrab ketishi mumkin. Qaysi kursga sakrab o’tishi, o’qigan fanlari qanchalik bir biriga mos kelishiga bog’liq.

Ikkinchisi, Hasanboy 1-kursda o’qish uchun emas, tog’ridan-to’g’ri 3-kursda o’qish uchun hujjat topshirmoqchi. Bu holatda u avval fanlarini anerkennung qildiradi (buning uchun NRW dagi landesprüfungsamt ga murojaat qilish zarur) shundan so’ng yuqori kursga hujjat jo’natadi. Birinchi kursga kirib, 1 semester o’qishi shart bo’lmaydi.


2-Holat. Husanboy O’zbekistonda tibbiyot sohasida 4-kursni tamomladi. U ham endi o’qishni Germaniyada davom ettirmoqchi.
Bu holatda u ham xuddi Hasanboy singari 2 ta imkoniyatga ega lekin farqi, Husanboy o‚qishini Germaniyada 5-kursdan davom ettira olmaydi. Garchi Husanboy O’zbekistonda 4-kursni tamomlagan bo’lsa ham, u o’qishini Germaniyada 1-kursdan yoki 3-kursdan boshlashi mumkin xalos. Undan yuqori kursga afsuski Husanboyning o’qigan fanlari to’g’ri kelmaydi.

Xulosa, 1. O’zbekistonda nechanchi kursda o’qishingizdan qat’iy nazar Germaniyada 1-kursdan boshlab o’qishingiz mumkin.

  1. O’zbekistonda o’qigan fanlaringizni Anerkennung qilish orqali, kursdan-kursga sakrash imkoniga egasiz.
  2. Lekin 3-kursdan yuqorisiga sakray olmaysiz. Ya’ni O’zbekistonda nechanchi kursni tamomlagan bo’lishingizdan qat’iy nazar, Germaniyadagi o’qishni eng ko’pi bilan 3-kursdan boshlashingiz mumkin xalos.

Endi, O’zbekistondagi o’qishni Germaniyaga ko’chirish uchun talabadan ikkita narsa talab qilinadi :

1️⃣. Hochschulzugangsberechtigung (Abitur). Germaniyaga o’qishga kirish uchun siz shu paytgacha olgan bilim o’qimoqchi bo’lgan yo’nalish uchun yetarli ekanligini ko’rsatib berishingiz kerak. Buning uchun quyidagi yo’llar mavjud :
a) Litsey diplomi + studienkolleg
b) Litsey diplomi + O’zbekistondagi yoki boshqa davlatda eng kami 1 yil bakalavr yo’nalishi. O’qigan yo’nalishingiz va Germaniyada o’qimoqchi bo’lgan yo’nalishingiz bir biriga o’xshash bo’lishi kerak.
c) Kollej diplomi + 1 yil bakalavr + studienkolleg. O’qigan yo’nalishingiz va Germaniyada o’qimoqchi bo’lgan yo’nalishingiz bir biriga o’xshash bo’lishi kerak.
d) Kollej diplomi + 2 yil bakalavr. O’qigan yo’nalishingiz va Germaniyada o’qimoqchi bo’lgan yo’nalishingiz bir biriga o’xshash bo’lishi kerak.
e) Maktab shahodatnomasi + studienkolleg.
f) Maktab shahodatnomasi + 1 yil O’zbekistonda yoki boshqa davlatda bakalavrda o’qish.

Sizda yuqoridagi variantlarning faqat bittasi bo’lsa Hochschulzugangsberechtigung uchun kifoya qiladi.

2️⃣. Kerakli til sertifikati. Germaniya universitetlarida darslar odatda nemis tilida bo’ladi. Shuning uchun o’qishga kirishda (yoki o’qishni ko’chirishda) sizdan C1 darajadagi nemis tilidan sertifikat talab qilinadi. Musiqa, rassomchilik kabi yo’nalishlarda B2 bilan ham o’qish mumkin. Ba’zi universitetlar (Masalan Ruhr Universität Bochum) o’zlari nemis tili kurslari taklif qiladi, siz avval universitetda nemis tilini o’rganib, keyin o’qishga kirishingiz mumkin. Nemis tili o’rganish davomida siz talaba sifatida ro’yhatdan o’tasiz hamda jamoat transportidan bepul foydalanishingiz mumkin. Afsuski,til kursi davomida sizga qonuniy ishlash huquqi berilmaydi. (Yangi 2023-yilgi qoidalarga ko’ra, til kursi vaqtida ham haftasiga 20 soat ishlash mumkin)

Agar siz nemis tilini bilmasangiz, unda ingliz tilida o’qish ham mumkin. Lekin bunda imkoniyatlar juda ham kam. Odatda 6 yoki undan yuqori IELTS ball talab qilinadi. Afsuski, huquq, tibbiyot kabi sohalarda faqat nemis tilida bepul o’qish mumkin. Siz o’qimoqchi bo’lgan yo’nalish ingliz tilida ham o’qitiladimi yoki yo’qmi osongina DAAD saytidan bilishingiz mumkin. Buning uchun esa sizga quyidagi videoni ko’rib chiqishni tavsiya qilaman:

Quyidagi ma’lumotlarni aytib o’tishim ham maqsadga muvofiq :

  1. Hujjat topshirish odatda yozgi semester uchun 15-yanvargacha, qishki semester uchun esa 15-iyulgacha. Sizdan asosan shu yuqoridagi ikkita narsa so’raladi. Agar yuqori semesterga hujjat topshiryotgan bo’lsangiz, Anerkennungsbescheid ham so’raladi. Hujjatlarni qanday topshirish kerakligi haqidagi ma’lumotni o’zingiz o’qimoqchi bo’lgan universitet saytidan olishingiz mumkin.
  2. Tibbiyot, Huquq kabi yo’nalishlarga kirish yoki “o’qishni ko’chirish“ uchun litsey/kollej/maktab va 1-, 2-, va boshqa o’qigan kurslaringizdagi baholar juda ham yaxshi bo’lishi kerak. Ya’ni hammasini 5 qilishga harakat qiling
  3. Agar siz hozirda O’zbekistonda o’qiyotgan yo’nalishda emas, balki umuman boshqa yo’nalishda o’qimoqchi bo’lsangiz, kirish imkoniyatlaringiz karrasiga tushib ketadi. Chunki bu holatda sizning academic backgroundingiz Germaniyadagi yo’nalishga mos emas deb topilish ehtimoli katta. Shuning uchun bir biriga o’xshash yo’nalishga topshirish maqsadga muvofiq.
  4. Germaniyada Ausbildung qilganiz universitetga kirishda yordam bermaydi. Ausbildungni tamomlab, 2-3 yil ishlasangiz unda ba’zi universitetlar sizni qabul qilishi mumkin, lekin buyam savolli holat.
  5. Talabalik yoki til kursi vizasini olish uchun sizdan Germaniyadagi hisob raqamda 10300€ ko’rsatishni so’raydi. Bu pulni faqat oyma oy 860€dan qaytarib olish mumkin, birdaniga qaytarib ololmaysiz. (Bu ma’lumot 2021-yil uchun edi, hozirda 12000€ dan ko’p pul talab qilinadi)
  6. Sizda Hochschulzugangsberechtigung yo’q bo’lsa yoki uzbdagi o’qiyotgan yo’nalishingiz va Germaniyada o’qimoqchi bo’lgan yo’nalishingiz bir biriga to’g’ri kelmayotgan bo’lsa, kanalimizni kuzatib boring. Sizlar uchun ham foydali va kerakli ma’lumotlar berib borishga harakat qilamiz.

E’tiboringiz uchun tashakkur.

P. S. Kattaroq kursga ham harakat qib ko’rish kerak. Eshitishimcha, Rossiyada o’qiyotgan o’zbekistonlik talabalar Germaniyaga o’qishni ko’chirganda, 4-kursga ham ruhsat bergan ekan. Balki O’zbekistonda 3-4-kursni tamomlaganlarga ham, Germaniyada 4-5-kursdan boshlash imkonini berishar. Buning uchun albatta fanlarni Anerkennung qildirish lozim.

Post Muallifi : Abu Umar

Telegramdagi @uzDeutschland kanali uchun maxsus!

Kommentar verfassen

Deine E-Mail-Adresse wird nicht veröffentlicht. Erforderliche Felder sind mit * markiert

Nach oben scrollen