Assalomu alaykum kanal obunachilari. Facebookda bir yurtdoshimiz “Aka Germaniyaga o’qishga ketyabman, u yerda ishlab yetarli pul topsa bo’ladimi? Qonuniy ishlash bilan noqonuniy ishlashni qanday farqlari bor? Turli tashkilotlar tekshirib turadimi?“ deb so’rab qoldi. Bugun shu haqida yozmoqchiman.
Eng avvalo, shuni aytib o’tishim kerakki, shu vaqtgacha bironta odam “o’zi Germaniyada o’qish qanaqa? Nimalarni o’rgatadi? O’qishda qiynalmaslik uchun qaysi fanlarni yaxshiroq o’zlashtirishim kerak? Shu yo’nalishda qaysi fanlar qiyinchilik tug’dirarkin?“ deb so’raganini ko’rmaganman. Hammani fikri pul topish, pulni yetkizish, pul, pul, pul bo’p qogan. Bu yaxshimas. Oldin maqsadni aniqlab olish kerak. Maqsadiz Germaniyada o’qib, yaxshi kadr bo’lishmi? Unda o’qishga kelishdan oldin o’qish haqidagi hamma ma’lumotlarni o’rganib oling. Qaysi fanlar qanday o’qitiladi kabi savollarga javob toping. Ana undan keyin ishlash va pul haqida o’ylasangiz bo’ladi. (Bu savollarni so’ramaganlar o’zlari allaqachon javob topgan degan yaxshi gumondaman. Shunchaki eslatma sifatida yozdim).
Endi mavzuga qaytsak, noqonuniy ishlashning turlari ko’p.
1. Hech qanday ish shartnomasi tuzmasdan Umzugshelfer, restoranda ofitsiant kabi ishlarda ishlash. Bu noqonuniy ishlashnng eng yomon turi. Chunki bu kabi ishlarda ishlaganlarning o’zlari ham ularning Arbeitgeberi ham soliq to’lamaydi, sozialversicherungga anmelden qilinmaydi va hkz.
2. 450€ lik Minijobga shartnoma tuzib, undan ortig’ini naqd pulda olayotganlar. Buyam soliqdan qochish, noqonuniy.
3. Shartnomasi bor, soliq to’laydi, ammo belgilanganidan ko’p ishlaydi. Misol uchun, studentlar 240 kun yarim stavkada yoki 120 kun to’liq stavkada ishlashga haqqi bor. Ammo bu kunlardan ko’p ishlasa, Aufenthaltgesetzni buzgan hisoblanadi. Bu ham noqonuniy. Ishlagan kunlarini ish beruvchi emas, o’zi hisoblab yurishi kerak, Auslanderbehörde bilib qolsa, “men bilmagandim, ish beruvchi hisoblayabdi debman“ degan gaplar inobatga olinmaydi. Keyingi viza uzaytirilmasligi mumkin.
Yuqoridagilarning hammasi noqonuniy bo’lib, katta miqdordagi jarimaga yoki vizangiz muddati uzaytirilmasligiga sabab bo’lishi mumkin. Ammo vaziyatga real qarasak, odatda hech kim studentni qayerda qanday ishlayotganini tekshirib o’tirmidi, ya’ni 5-6 yillab noqonuniy ishlab yursangiz ham, qo’lga tushmasligingiz mumkin. (Baribir extiyot bo’lgan yaxshi. )
Ho’p, qo’lga tushmaysiz ham deylik, shunda ham illegal ishlash qanchalik to’g’ri? Quyida illegal va legal ishlashning farqlarini aytib o’tmoqchiman.
1. Unfallversicherung. Noqonuniy ishlayotganlar odatda Unfallversicherungga anmelden qilinmaydi. Deylik ish vaqtida yong’in chiqdi, tanangiz og’ir jarohat oldi yoki yiqilib tushib, qattiq jarohat oldingiz. Shunday paytlarda Unfallversicherung yordamga kelib, o’sha falokat tufayli sizga yetgan va yetadigan zararni qoplab beradi. Agar noqonuniy ishlayotgan bo’lsangiz (yuqoridagi 1-holat), Berufsgenossenschaft sizga yordam berishni rad qilishi mumkin. Keyin sudga bor, sudlash va hkz jarayonlar.
2. Urlaubstage. Qonuniy ishlayotganlarga bir yilda 25-30 kun ta’til beriladi, ya’ni O’zbekistonda 5 hafta ta’tilda bo’lsa ham, oyligini to’liq oladi. Noqonuniy ishda esa bu katta so’roq ostida.
3. Krankentage. Qonuniy ishlayotganlar kasal bo’lib ishga chiqolmay qolsa ham, oyligini olishni davom etadi. Noqonuniy ishlaganlar buni talab qila oladimi? Katta ehtimol bilan yo’q.
4. Rentenversicherung. Qonuniy ishlaganlar ham o’zi ham ish beruvchi tomonidan pensionniy fondga pul o’tkazishadi. Misol uchun, siz oyiga 1000€ topsangiz, sal kam 100€ pensionniy uchun to’laysiz, undan tashqari ish beruvchi ham 100€ siz uchun to’laydi. Ya’ni 5 yil oyiga 1000€ dan topsangiz, sizning pensionniy fondingizda sal kam 12000€ pul yig’ilib qolgan bo’ladi. (6000€ o’ziz to’lagansiz, 6000€ arbeitgeber). Bu pullarni xohlasangiz qariganizda Germaniyadan pensiya ko’rinishida olasiz, xohlasangiz O’zbekistonga qaytgandan keyin o’ziz to’lagan qismini (6000€) birdaniga ovolasiz. Bundan tashqari Niederlassungserlaubnis olishda ham RV ga to’lagan pullaringiz katta ahamiyatga ega.
5. Turli Zuschläge (qo’shimcha pul). Qonuniy ishlaganlar Zuschlag für Sonntags-, Feiertags- und Nachtarbeit olishi mumkin. Ammo noqonuniy ishlaganlarchi?)
Xattoki to’lagan Lohnsteuerni ham Steuererklärung orqali qisman yoki to’liqligicha qaytarib olsa bo’ladi. Illegal ishlashning bironta avzalroq tomoni qoldimi? Qaror qabul qilish o’z qo’lingizda albatta!
❗️Eslatma : noqonuniy ishlaysizmi, qonuniymi, o’qishni ham tashlab qo’ymang. Har semester hech bo’lmaganda 10-15 Leistungspunkt yig’ishga harakat qiling. Auslandebehorde juda ham kam LP to’plaganingiz uchun ham vizangizni uzaytirib bermasligi mumkin❗️
E’tibor uchun rahmat.
9 March 2021
Post Muallifi : Abu Umar