Qanday qilib oila a’zolarini Germaniyaga mehmonga chaqirish mumkin?

!!!Ushbu post pandemiya vaqtida yozilgan, hozirgi kunda hech qanday vaksina shart emas. Qolgan jarayon esa bir xil.

Assalomu alaykum hammaga. Anchadan beri post yozmagandim. Aslida bilganlarim haqida yozish, bilgan ma’lumotlarimni, oz-moz tajribamni boshqalarga o’rgatish yoqadi, hobbi desam ham bo’ladi.

Shu sababdan, bugun Germaniyaga mehmonga chaqirish mavzusi bo’yicha yaqinda (yanvar oyida) o’zimda bo’lgan holatdan kelib chiqib, bir nechta ma’lumot berib o’tmoqchiman.

Agar siz Germaniyada yashasangiz va ota-onangiz, aka-uka yoki boshqa tanishlaringizni Germaniyaga mehmonga chaqirmoqchi bo’lsangiz, unda postni oxirigacha o’qib chiqing, balki foydasi tegar.

Eng avvalo, hozirgi Pandemiya davrida kimlarni mehmonga chaqirish mumkinligini bilib olsak :

1️⃣. Vaksina olganlar. Agar siz chaqirmoqchi bo’lgan mehmon O’zbekistonda Moderna, Biontech, Astrazaneca yoki Johnson&Johnson vaksinasini olgan bo’lsa, u holda bemalol Germaniyaga kelishi mumkin. Hech qanday muhim sababsiz, shunchaki sizni ko’rgani yoki turist bo’lib kelsa bo’ladi.

2️⃣. Vaksina olmaganlar. Agar siz chaqirmoqchi bo’lgan mehmon O’zbekistonda vaksina olmagan bo’lsa yoki Xitoy, Rossiya vaksinalarini olgan bo’lsa, u holda quyidagi tartibda Germaniyaga kelishlari mumkin :

a) Turmush o’rtoq va farzandlar. Garchi vaksina olishmagan bo’lishsa ham, turmush o’rtog’ingiz va farzandlaringiz bemalol sizni oldingizga mehmon bo’lib kelishlari mumkin. Hech qanday sabab shart emas.

b) Boshqa oila a’zolar (ota-ona, aka-uka, bobo-buvi va hkz). Agar ota-onangizni yoki boshqa oila a’zolaringizni mehmonga chaqirmoqchi bo’lsangizu, ular vaksina olmagan bo’lsa, u holda faqat bironta muhim sabab bilan chaqirishingiz mumkin. Misol uchun, yaqinda farzandlik bo’lasiz yoki Germaniyada turmush qurasiz, shunaqa holatda, garchi yaqin qarindoshlaringiz vaksina olishmagan bo’lsa ham, ularni mehmonga chaqira olasiz.

c) Boshqalar. Oddiy do’st yoki tanishlaringiz vaksina olishmagan bo’lsa, hozirgi kunda ularni Germaniyaga mehmonga chaqira olmaysiz.

Ammo hozirgi kunda elchixona vaksina olmaganlarga boshqa sababni ko’rsatib otkaz berish holati ko’p kuzatilyabdi. Ya’ni, deylik siz ota-onangizni farzandli bo’lganingiz uchun Germaniyaga chaqirmoqchisiz. Qoida bo’yicha, ota-onangiz vaksina olgan bo’lishi shart emas. Lekin elchixonada boshqa kichkina sabab bilan ham otkaz beryabdi.

Qissadan hissa : Germaniyaga kelmoqchi bo’lgan inson vaksina olgan bo’lishi yoki vaksina olganligi haqida qog’ozi bo’lishi (😉) maqsadga muvofiq.

Pandemiya sharoitida kimlarni Germaniyaga mehmonga chaqirish mumkinligini bilib oldik. Endi, jarayon qanday kechishi, mezbondan va mehmondan qanday hujjatlar talab qilinishi haqida gaplashsak.

Birinchi qilinadigan ish, Vizametricdan Termin olish. Agar mehmon vaksina olgan bo’lsa, termin olish uchun vizametrikka telefon qilish kifoya. Agar mehmon vaksina olmagan bo’lsa, u holda elchixonaga email yozish kerak. Emailda safar maqsadi (to’y, tug’ruq) aytilib, tegishli hujjatlar ilova qilinishi kerak (Mutterpass, Eheschließungstermin, qarindoshlik rishtalari haqida hujjat (ota-onangizni taklif qilayotgan bo’lsangiz, metrkangizni, ayolingizni taklif qilyotgan bo’lsangiz, nikoh guvohnomasini ilova qilasiz). Shundan so’ng, Vizametric hodimlarining o’zlari siz bilan bog’lanadi. Keyin mehmonga qulay vaqtga termin belgilanadi.

-Qanday hujjatlar kerak bo’ladi?

-Zagran passport, sug’urta, ariza, 2 ta 3,5×4,5 rasm, Germaniyadagi mezbon tomonidan yozilgan taklifnoma (post ostida namunasi bor), Germaniyadagi mezbonning passporti va aufenthaltstitelidan nusxa, mehmon va mezbonning qarindoshlik rishtalarini isbotlab beruvchi hujjat (tug’ilganlik haqidagi guvohnoma yoki nikoh guvohnomasi), mehmon ishlayotgan ishxonasidan ma’lumotnoma (Ma’lumotnomada mehmonning lavozimi, oyligi, qanchadan beri ishlayotgani yozilgan bo’lishi kerak. Misol uchun, „Palonchi bizning maktabda 2 yildan beri o’qituvchi bo’lib ishlaydi. Oylik maoshi 1000 so’m. Palon vaqtdan palon vaqtgacha Germaniyaga safarga ketishiga rozimiz“ kabilida. Agar mehmon tadbirkor bo’lsa, tadbirkorlik guvohnomasini va bankdagi kirim-chiqimni ko’rsatish kerak) va mehmon agar turmush qurgan bo’lsa, nikoh guvohnomasini ham ko’rsatishi lozim. Bulardan tashqari, agar nomingizda uy yoki boshqa ko’chmas mulk bo’lsa, shu haqidagi hujjatni ham obkirsangiz bo’ladi. Bu ham viza olishda yordam beradi. Undan tashqari voyaga yetmagan farzandlarga Germaniyadagi otasi yoki onasi notarial rozilik xati yozib berishi kerak, farzandini chet elga chiqishiga qarshi emasligi haqida

-Shu hujjatlar yetarlimi?

-Yo’q. Eng asosiysdi bu – safar qaysi mablag‘ hisobiga moliyalashtirilishini ko’rsatib beruvchi hujjat. Bu hujjatni 2 xil yo’l bilan ko’rsatish mumkin :

  1. Germaniyadagi mezbon yoki boshqa kimdir Verpflichtungserklärung yozib beradi. Bu holatda mehmondan boshqa hujjat talab qilinmaydi.
  2. Agar mehmon safar xarajatlarini o’zi to’lamoqchi bo’lsa, safar uchun yetarli puli borligini ko’rsatib berish kerak. Buning uchun, oylik daromadlari haqidagi ma’lumot, boshqa daromadlari (arenda, pensiya, aliment va hkz), bankda ochilgan omonat hisob raqamidagi pul (bir kunga 4000-5000$ pul qo’yib, ma’lumotnoma olish mumkin), visa kartadagi pullarni ko’rsatishi mumkin.

-Verpflichtungserklärungni kimlar berishi mumkin?

-Germaniyada ishlayotgan har qanday inson bersa bo’ladi. Faqat oyligi o’zi va oila a’zolaridan tashqari, mehmonning xarajatlariga ham yetishi kerak. Verpflichtungserklärungni olish uchun Auslanderbehördega oxirgi 3 oylik Lohnabrechnung va Kontoauszugni olib borishiz kerak bo’ladi.

Muhim ma’lumotlar :

-Vizaga hujjatlarni iloji boricha ertaroq topshirgan ma’qul. Misol uchun, shu yil yoz oyida mehmonga bormoqchi bo’lsangiz, hozirni o’zida hujjat topshirgan ma’qul. Shunda, otkaz bo’lib qolsa Remonstration yozishga yoki yangittan termin olishga yetarlicha vaqt bo’ladi.

-Termindan 5-10 kun o’tgandan keyin, sizga viza beriladi yoki otkaz xati.

-Hozirgi kunda elchixonada otkaz berish holati ko’p kuzatilmoqda. Asosiy sabab, mehmon safar xarajatlarini qoplash uchun yetarli puli borligiga elchixona hodimini ishontira olmayabdi. O’zbekistondagi bankda 6000-7000$ puli borligini ko’rsatsa ham, elchixona otkaz bermoqda, ayniqsa mehmonga kelayotgan inson rasman ishsiz bo’lsa. Shuning uchun, iloji boricha Verpflichtungserklärung yozib bering yoki Germaniyadagi bironta tanishizdan yozib berishini iltimos qiling.

-Mehmonlar uchun viza eng ko’pi bilan 90 kunga beriladi. Bu vaqt davomida Germaniyada ishlash mumkin emas. Vizani boshqa vizaga o’zgartirishni ham ilojisi yo’q.

-Germaniyada Student bo’lganlar ham, Ausbildung qilayotganlar ham, ishlayotganlar ham, FSJ qilayotganlar ham, Au Pair qilayotganlar ham O’zbekistondagi yaqinlarini Germaniyaga taklif qilishi mumkin.

Ma’lumotlar kimgadir foydali bo’ladi degan umiddaman, e’tibor uchun tashakkur!

Post Muallifi : Abu Umar

Telegramdagi @uzDeutschland kanali uchun maxsus!

Kommentar verfassen

Deine E-Mail-Adresse wird nicht veröffentlicht. Erforderliche Felder sind mit * markiert

Nach oben scrollen