Assalomu alaykum hurmatli vatandoshlar. Sizlarga Germaniyaga kelish yo’llari haqida ma’lumotlar berishni davom etamiz. Germaniyaga o’qish yoki ishlash maqsadida kelishni xohlovchi o’zbeklar ko’p. Lekin Germaniyaga kelishning ham o’ziga yarasha talablari bor. Misol uchun, talabalik vizasini olish uchun Germaniyadagi bank hisob raqamida 12000€ borligini ko’rsatish kerak. Bu kichkina summa emas, har kimda ham buncha pul yo’q. Ishga kelmoqchi bo’lganlar esa diplomini Anerkennung qilishi kerak. Buni O’zbekistonda turib qilish esa juda ham ko’p vaqtni talab qiladi, Germaniyada bo’lmasdan turib ish topish ham mushkul. Shuning uchun sizlarga bugun Germaniyaga kelishning oson va alternativ yo’llari haqida ma’lumot bermoqchiman. Agar sizda 12000€ pul, B2- C1 sertifikat bo’lmasa ham, ushbu dasturlar orqali Germaniyaga kelib, keyin o’qishni, Ausbildungni yoki Fachkraft (mutaxassis) sifatida ishlashni boshlashingiz mumkin.
1️⃣ Au Pair. Bu dastur orqali 18-27 yosh oralig’idagi yoshlar Germaniyadagi biron oilaga yordamchi bo’lib keladi. Oila Au pairni alohida xona, oyiga 270€ cho’ntak puli hamda oziq ovqat bilan taminlaydi. Bundan tashqari nemis tili kursi uchun ham pul to’lab berishi kerak. Au pair dasturidan asosiy maqsad nemis tilini hamda nemis madaniyatini o’rganish. Au pair esa oila uchun odatda quyidagi ishlarni qilishi lozim : bola bilan o’ynash, birga dars qilish, uy ishlarida oz moz yordam berish, bolani maktab/bog’chaga olib borish va olib kelish va hkz.
Bu dastur orqali kelish uchun quyidagi talablarga javob berish lozim : 18 yoshdan kichik va 27 yoshdan katta bo’lmasligi, Nemis tilini eng kami A1 darajada bilishi.
Agar siz yuqoridagi talablarga javob bersangiz, bemalol Au pair bo’lib kelishingiz mumkin. Buning uchun esa Germaniyada yashayotgan biron bir oila topishingiz kerak. Oilani Germaniyada yurgan o’zbeklar orqali, Facebookdagi turli guruhlar (Au Pair in Deutschland, Österreich), aupairworld, aupair com kabi saytlar orqali topish mumkin. Bironta oila topib, ular bilan o’ziz haqizda suhbatlashasiz, o’zaro majburiyatlarni kelishib olasiz. (cho’chqa goshtidan ovqat qilmaslik, birga alkogol ichib o’tirmaslik, namoz uchun 10-15 daqiqa vaqt berilishini va hkz narsalarni oldindan kelishib olgan ma’qul). Agar o’zaro ma’qul kelsanglar, ular sizga shartnoma va tibbiy sug’urta qilib beradi. Agar o’zingiz oila topa olmasangiz, Germaniyadagi juda ko’p agentliklar sizga oila topishda yordam berishi mumkin. Buning uchun quyidagi ikki saytdagi ma’lumotlarni o’qib chiqishni maslahat beraman :
https://www.aupair-society.de/unseremitglieder www.guetegemeinschaft-aupair.de
Keyin elchixonadan termin olib, suhbatga kirish kerak bo’ladi. Suhbatga yuqoridagi ikki hujjatdan tashqari A1 sertifikat (agar sertifikat yo’q bo’lsa, elchixona hodimlari nemis tilidan bilimingizni tekshirish uchun bir nechta oddiy nemischa savollar beradi), pasport, rasm, anketa, tarjimayi hol va motivatsiya xati bilan kirish lozim. Hujjatlarni topshirganingizdan so’ng o’rtacha 1 oyda (kamroq yoki ko’proq bo’lishi ham mumkin) vizangizning javobi keladi. Agar sizga viza berilsa, keyin bemalol Germaniyaga uchib kelishingiz mumkin. Ba’zi oilalar biletni ham olib beradi, lekin bu ularning majburiyatiga kirmaydi. Agar oila yoqmasa, kelganingizdan keyin uni almashtirishingiz mumkin. Au pairni tugatguningizcha nemis tilidan kerakli bilimlarni qo’lga kiritsangiz, o’qish yoki Ausbildungni boshlashingiz mumkin. Uning uchun sizdan qaysi hujjatlar talab qilinishini mavzu so’ngida yozib o’taman. Agar Au pairdan keyin ham nemis tilidan Ausbildung yoki o’qish uchun yetarli darajaga ega bo’lolmasangiz, FSJ yoki BFD qilib, yana bir yil volontyor sifatida ishlab, nemis tilini o’rganishingiz mumkin
2️⃣ FSJ/BFD. Agar sizga Au pairlik ma’qul kelmasa, FSJ (Freiwilliges Soziales Jahr) yoki BFD (Bundesfreiwilligendienst) dasturi orqali Germaniyaga kelishingiz mumkin. Bu dastur 6 oydan 18 oygacha bo’lib, dastur davomida qariyalar uyi, nogironlar uyi, bog’cha, kasalxona va shunga o’xshash ijtimoiy joylarda volontyor sifatida ishlaysiz. Sizga oyiga eng kami 360€ cho’ntak puli beriladi. Ba’zi joylar fsj qilayotganlarni yotoqxona va/yoki jamoat transporti uchun oylik chipta bilan ham ta’minlaydi. FSJ davomida haftasiga 40 soat FSJ qilayotgan joyingizda ishlashiz kerak. Yillik o’rtacha 26 kun ta’til ham beriladi. FSJ uchun talablar quyidagicha :
Nemis tilini eng kami A1 darajada bilish (joyni osonroq topib, yaxshiroq joyda fsj qilmoqchi bo’lsangiz, B1 darajani maslahat bergan bo’lardim. A1 bilan qonunan ruhsat bo’lsa ham, amalda judayam qiyin. Nemis tilini yaxshiroq o’rganing) FSJ uchun 27 yoshdan kichik bo’lish talab qilinadi. BFD uchun esa yosh chegaralanmagan, ikkisini farqi ham faqat shunda.
FSJ shartnomasi siz, träger (siz va fsj qilayotgan joyingiz o’rtasidagi vositachi) va o’sha joy tomonidan imzolanishi kerak. Ko’p joyga fsj yoki bfd uchun hujjat yuborganingizda, ular o’zlari sizning hujjatlaringizni trägerga yuboradi. Ba’zi joylar esa trägerga murojaat qilishingiz lozimligini aytadi. FSJ uchun suhbatda asosan nima uchun aynan o’sha joyda fsj qilmoqchiligingiz so’raladi. Qolgani o’zingiz haqingizdagi oddiy ma’lumotlar.
FSJ/BFD ga viza berishi uchun elchixonaga quyidagi hujjatlarni topshirish kerak : milliy vizaga anketa, shartnoma, pasport, rasm, motivatsiya xati, tarjimayi hol, agar bor bo’lsa til bilish sertifikati (yo’q bo’lsa elchixona hodimlari o’sha joyni o’zida tekshiradi), so’ngi o’qigan joyidan diplom, agar fsj qilayotgan joyingiz sizni turar joy bilan ta’minlamasa, o’zingizning kvartira uchun yetarli mablag’ingiz borligini ko’rsatishingiz zarur. Viza chiqqanda tibbiy sug’urtani olib borib, vizani olishingiz mumkin. Sug’urtani ham siz fsj qilayotgan joy tayyorlab beradi. FSJ yoki BFD uchun viza o’rtacha 1 oyda chiqadi. (Bir kunda olganlar ham, 2 oy kutganlar ham bor).
Ho’sh, FSJ/BFD haqida ma’lumotga ega bo’ldingiz va Germaniyaga FSJ/BFD qilish maqsadida bormoqchisiz. Joyni qanday topish kerak?
Bu juda oson, googlega ‚‚FSJ in Deutschland“ deb yozsangiz kifoya, ko’plab e’lonlarni chiqarib beradi. Ularga so’ralgan hujjatlarni topshirsangiz va ular sizning profilingizga qiziqsa, o’zlari siz bilan bog’lanishadi. Agar google ham sizga yordam bera olmasa, EOS, BUFDI, AWO, IJGD, Deutsches rotes Kreuz, Diakoni, Caritas kabi träger/Einsatzstellelar bilan bog’lanib ko’rishingiz kerak.
Demak, FSJ/BFD yoki Au Pairga keldingiz, Germaniya sizga yoqib qolib, yana shu yerda qolmoqchisiz? Bu muammo emas, o’zingizga ma’qul yo’lni tanlab, talablarini bajarib, Germaniyada yangi Aufenthaltstitel olishingiz mumkin. Quyida ko’p beriladigon savollarga javoblar :
-FSJ yoki Au Pairdan keyin universitetda o’qimoqchi bo’lsam, blok sho’tda 10300€ ko’rsatishim shartmi?
-Yo’q, shart emas. Alternativ ravishda O’zbekistondagi ota-onangiz yozib bergan kafolat xati (Verpflichtungserklarung) ham qabul qilinadi. (Hamma shaharda ham bunday bo’lmasligi mumkin). Yoki ko’pchilik Au Pairdan keyin o’sha oiladan kafolat xati oladi. Yaxshi tanishib olsanglar, bu ham siz uchun plus va bemalol viza olasiz. FSJ yoki Au Pair davomida oz moz pul yig’ib olish mumkin, ba’zi shaharlarda shu pulni ko’rib ham, sizga aufenthaltstitel berishlari mumkin ya’ni Auslandebehörde elchixonaga o’xshab qat’iy summa talab qilmaydi, ular uchun eng muhimi, siz ularni o’qish davomida pulsiz qolib, Germaniyadan ijtimoiy yordam olishga majbur bo’lib qolmasligingizni ko’rsatib berishingiz kerak. Ularda o’zi unaqa insonlar yetarli)
Agar yuqoridagi dasturlardan keyin, Germaniyada Fachkraft (diplomi bor ishchi) sifatida ishlamoqchi bo’lsangiz, hali Au pair yoki FSJni tugatmasdan, diplomni anerkennen qilib oling va o’zingizga mos ishlar uchun hujjat topshirib turing. (Diplomni qanday qilin anerkennen qilish, qancha vaqt va qancha mablag‘ ketishi keyingi postlarda). Ausbildung qilmoqchi bo’lsangiz ham ertaroq xarakatni boshlagan ma’qul. Agar Ausbildung yoki o’qish ertaroq boshlansa, bemalol FSJ ni kündigen qilib, Ausbildung yoki o’qishni boshlashingiz mumkin. Yana bir qiziq fakt, Germaniyadagi ba’zi oliygohlar studienkollegsiz ham bakalavrga qabul qilishyabdi. Siz qilgan fsj ham unga kirishda yordam berishi mumkin. Bu haqida keyinroq… E’tiboringiz uchun rahmat. Ishlaringizga rivoj tilab qolaman.
Post muallifi : Abu Umar