Ausbildung yoki Studium? Qaysi birini tanlagan ma’qul?

Assalomu alaykum hurmatli guruh ahli. So’ngi kunlarda Germaniyaga kelgan yoki kelmoqchi bo’lgan insonlar shaxsiy xabarda “Germaniyada Universitetda o’qiymi yoki Ausbildung qilaymi?“ mazmunidagi savollarni ko’p so’rashmoqda. Garchi tajribam va ma’lumotlarim juda ko’p bo’lmasa ham, ushbu mavzu yuzasidan o’z fikrlarimni yozmoqchiman. Kimgadir foydasi tegsa xursand bo’laman, yoqmasa, aybga buyurmaysiz)

Ausbildung yoki Studium dan birini tanlashdan oldin, maqsad va rejalaringizni aniqlashtirib oling. Qaysi kasbni o’rganmoqchisiz, yaqin 10-20 yilda qanday yutuqlarga erishmoqchisiz, karyerangiz qanaqa bo’lishini xohlaysiz, qaysi davlatda yashashni istaysiz, qancha oylik maosh sizni qoniqtiradi va hkz. Shularni o’ylab, fikr qilganingizdan keyin, sizda o’z kelajagingiz uchun reja paydo bo’ladi. Endi o’sha rejani amalga oshirish uchun, sizga Ausbildung kerakmi yoki Studium? Shuni aniqlashtirib olish zarur.

Quyida Ausbildung va Studium ning farqlari haqida fikr yuritmoqchiman :

1️⃣. DIPLOM. Germaniya tashqarisida ham Germaniyaning ichida ham Ausbildung va Studiumni tugatib olingan diplomlarning nufuzi bir xil emas. Agar siz qachonlardir Germaniya tashqarisida(Misol uchun, O’zbekistonda) ishlamoqchi bo’lsangiz, unda Universitetda o’qishingiz lozim. Germaniyadagi Ausbildung qilganiz afsuski O’zbekistonda tan olinmaydi, ishga joylashishingizda yordam bermaydi. Shuning uchun, Ausbildung va Universität dan birini tanlashdan oldin, kelajakda ishlamoqchi bo’lgan davlatingiz haqida yaxshilab o’ylab oling. Nemis universitetlari bergan Diplom butun dunyoda o’z nufuziga ega.

2️⃣. KARYERA. Ausbildungdan keyingi Karyera Studiumdan keyingi Karyeradan tubdan farq qiladi. Afsuski, Ausbildung bilan qila oladigon karyerangiz cheklangan. Imkoniyatlar ko’p emas. Weiterbildung va Fortbildunglar ham sizga ko’p yordam bera olmaydi. Misol uchun, Zahnarzthelfer/in, sifatida Ausbildung qilsangiz, hech qachon Zahnarzt bo’la olmaysiz, doim helfer/in bo’lib qolaverasiz. Yoki Bankkaufmann/frau bo’lish uchun Ausbildung qilgan bo’lsangiz, bankda yuqori lavozimlarda ishlay olmaysiz. Studium bilan esa hammasi o’zingizga bog’liq, Jahon Bankining boshlig’i bo’lib ketishingiz ham mumkin☺. Ishonmasangiz, Germaniya banklarida yuqori lavozimda ishlovchilarning resyumesini o’qib chiqing, hammasi Universitet bitiruvchilari. Xullas, mustaqil karyera istasangiz, bu borada ham Studium afzalroq.

3️⃣. MAOSH. Oxirgi ishlagan 2 ta ishxonamda Ausbildung qilgan ko’pchilik bilan gaplashdim. Ularning deyarli barchasi 10 yillardan beri bir xil maoshga ishlab kelishmoqda. Soatiga o’rtacha 15-20€ atrofida. 15-20 yillik tajribasi bor inson uchun bu juda ham yuqori maosh emas. Taqqoslash uchun Universitetni yaqinda bitirgan 2 ta tanishimning biri 20€ lik maoshga rozi bo’lmasdan, yuqoriroq maosh uchun Myunxenga ketgan bo’lsa (Informatiker) , yana biri Fraunhofer ilmiy markazida ancha yuqori oylikka ish boshladi(Maschinenbau bitiruvchisi). Univetsitetni bitirib ham Ausbildung qilganlardan kamroq topayotganlar ham bor albatta, ammo vaqt o’tishi bilan baribir Studium qilganlarda vaziyat yaxshilanadi. Buni turli xil statistikalardan ham bilish mumkin. Demak, yaxshi maosh borasida ham Studium yutib chiqmoqda)

4️⃣. O’QISH VA O’RGANISH MUHITI. Ausbildung va Studiumning yana bir farqlaridan biri bu o’rganish muhiti. Ausbildungda asosan ishlab, praktika orqali o’rganilsa, universitetda nazariy o’rganiladi, kutubxonada 3-4 soatlab o’tirishga to’g’ri keladi. Lekin Ausbildungda sizga ko’p nazariya kerak bo’lmaydi, judayam cheklangan bilimlarni o’rganish kifoya qiladi. Qaysi muhitda bilim olmoqchisiz? Kutubxona va kitoblar orqalimi, yoki ishlash orqali? Shunga asoslanib, Ausbildung yoki Studiumdan birini tanlashingiz mumkin.

5️⃣. ISH MUHITI. Menimcha bu punkt Studium va Ausbildungdan birini tanlashda eng muhim rolni o’ynasa kerak. Ausbildung qilganlar va Universitetni bitirganlar turlicha ish muhitida ishlashadi.Ausbildungdan keyin asosan qo’l mehnati bilan ishlanilsa (Bäcker, Mechatroniker, techniker, Fachlagerist, Koch va hkz), Studiumdan so’ng aqliy mehnatga (Hisobchi, dasturchi, o’qtuvchi, ximik, fizik va hkz) tayaniladi. Xonada kompyuter yonida o’tirish va biron bir ishlab chiqarishda bevosita qatnashishga o’xshatsak ham bo’ladi. Xullas, o’zingizga yoqqan muhitni tanlab oling. Kimdir oshpazlik kasbini sevadi, kimdir o’qtuvchilik.

6️⃣. VAQT. Ausbildung va Studium farqlaridan yana biri bu Diplom olinguncha bo’lgan vaqt. Ausbildungni qiyinchiliksiz 3 yilda tugallash mumkin, ammo Studium uchun ko’proq vaqt talab etilishi mumkin. Garchi bakalavr uchun Regelstudienzeit 6 semester bo’lsa ham, ko’pchilik studentlardan bitirish uchun 8-10 semester talab qilinadi. Ya’ni siz bakalavr diplomini olish uchun umringizning 4-5 yilini sarflashingiz kerak, balki undan ham ko’proqdir. Ammo Ausbildungni 3 yilda tamomlab, keyin vollzeit ishlab, yaxshi maosh olishingiz mumkin.

7️⃣. NEMIS TILI. Universitetda bakalavr darajasida o’qishingiz uchun nemis tilidan kamida C1 darajangiz bo’lishi kerak ammo Ausbildung uchun B1-B2 ham kifoya qiladi.

8️⃣. BOSHQA FARQLAR. Studium va Ausbildungning boshqa farqlari ham bor. Misol uchun, Studium davomida boshqa davlatda(EU, AQSH, Kanada va hkz) 1-2 semester o’qib kelishingiz mumkin, stipendiya yutishingiz mumkin (Deutschlandstipendium). Keyin, o’qishni bitirganingizdan so’ng, sizga ish topish uchun 18 oylik viza berishadi, Ausbildungdan so’ng esa 12 oy.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, har qanday holatda Studium Ausbildungdan ko’ra og’irroq tosh bosadi. Germaniyaga kelmoqchi bo’lgan yosh avlodga maslahat : imkoningiz bo’lsa, Universitetda o’qing, bilim oling, izlaning. Umringizning qanchadir qismini vatandan, oiladan, do’stlardan uzoqda o’tkazyabsizmi, shunga munosib nimadirga ega bo’ling. Egallanishi mumkin bo’lganlarnig eng yaxshisi esa albatta – ilm.

P.S. Yozganlarim o’zimning shaxsiy fikrim, sizning fikringiz boshqacha bo’lishi mumkin. Bu normal holat. Ausbildung qilayotganlar, to’g’ri tushunasizlar degan umiddaman.

Post Muallifi : Abu Umar

Kommentar verfassen

Deine E-Mail-Adresse wird nicht veröffentlicht. Erforderliche Felder sind mit * markiert

Nach oben scrollen