So’ngi kunlarda shaxsiy xabarda bir necha kishi Germaniyada Ausbildung qilish haqida ma’lumot so’rab,murojaat qilishdi. Garchi internetda bu haqida juda ham ko’p ma’lumot bo’lsa ham,shu guruhga post yozsam kimgadir foydasi tegib qolar degan maqsadda Ausbildung haqida ma’lumot berishga qaror qildim.
Ho’sh, Ausbildung o’zi nima?
Ausbildung bu xuddi bizdagi kollejlar singari ta’lim tizimi. Ausbildung orqali siz kelajakda egallamoqchi bo’lgan kasbingizga oid amaliy va nazariy bilimlarni egallaysiz.
Ausbildung sohaga qarab 2 yildan 3-3,5 yilgacha davom etadi.
Ba’zi kasblarni egallash uchun Ausbilding qilish zarur,ba’zilarini esa faqat universitetda o’qibgina o’rganish mumkin. Misol uchun, oshpaz, santexnik, sotuvchi, novvoy, sartarosh kabi kasblar Ausbildung orqali egallansa, vrach, o’qituvchi, yurist kabi kasblarni universitetda o’qish orqali egallash zarur. Informatika va shunga o’xshash texnik yo’nalishlarni Ausbildung bilan ham Universitetda o’qish bilan ham o’rganish mumkin.
Ausbildung qilayotgan inson haftada 1-2 kun vaqtini nazariy bilimlarni o’rganish uchun Berufsschuleda o’tkazsa,qolgan 3-4 kun vaqtini o’zi Ausbildung qilayotgan tashkilotda amaliy tarzda o’tkazadi. Yoki bo’lmasam, 1 oy Berufsschuleda dars qiladi, 1 oy ishxonada ishlaydi. Bu Ausbildung qilayotgan sohasiga bog’liq (Misol uchun, Oshpaz bo’lsa restoranda ovqat pishirish orqali).
Garchi Germaniyada universitetga kirish oson va universitetda o’qish bepul bo’lsa ham, juda ko’p maktab bitiruvchilari universitetda o’qishdan ko’ra Ausbildung qilishni afzal ko’radi. Buning o’ziga yarasha sabablari bor:
1️⃣. Ausbildung davomida sizga oylik to’lanadi. O’rtacha olganda,Ausbildung qilayotgan inson 1-yili 700€, ikkinchi yili 850€, uchinchi yili 1000€ atrofida oylik oladi. (2017-yilgi ma’lumotlar, albatta hozirgi oyliklar bundan ko’proq)
2️⃣. Ausbildung qilish universitetda o’qishdan ancha oson. Ausbildung qilayotganlar kutubxonada soatlab o’tirishi shart emas. Ozgina nazariyani o’rganib,qolgan vaqt o’z sevgan kasbi bilan shug’ullanadi.
3️⃣. Ausbildungdan so’ng o’zingiz ausbildung qilgan tashkilotda ishlab qolishingiz mumkin. Universitet bitiruvchilariga o’xshab,diplomni qo’ltiqlab,ish qidiirb yurmaysiz.
4️⃣. Ausbildung qilish uchun sizdan C1 talab qilishmaydi, sohaga qarab B1-B2 bilan ham bemalol Ausbildung qilsangiz bo’ladi.
5️⃣. Kollej diplomi bilan ham Ausbildung qilish mumkin. (O’zbeklar uchun)
Ho’sh, Ausbildung nimaligi va uni yaxshi tomonlarini bilib oldik.
Endi qanday qilib Ausbildungsplätz topish va shartnoma tuzish haqida gaplashsak. Bu juda ham oson. Ausbildung uchun sizdan ko’p narsa talab qilishmaydi. Kollej yoki litsey diplomingiz bor bo’lsa va nemis tilini bilsangiz yetadi. Ausbildung. de, Azubi. de kabi saytlardan o’zingiz xoxlagan Ausbildungsplatzni topishingiz mumkin. Keyin o’sha Ausbildung taklif etayotgan firmani manziliga firma so’ragan hujjatlarni yuborasiz. (Har bir firma turlicha hujjatlar so’raydi). Keyin ular sizni interviewga chaqiradi,nimaga shu sohada Ausbildung qilmoqchisiz,qiziqishiz haqida so’raydi. Yulduzilar yulduzilarga to’g’ri kesa shartnoma tuzasizlar.
Odatda Ausbildung avgust yoki sentabr oylarida boshlanadi. Lekin yaxshi joyda Ausbildung qilmoqchi bo’lsangiz,ancha erta hujjat topshirganingiz maqul, kamida 4-5 oy oldin.
Postga yana bir ma’lumotni qo’shib o’tishim zarur. Garchi Ausbildung kasb o’rganish va shu kasb o’rganish davomida pul topish uchun yaxshi tanlov bo’lsa ham, obro‘ jihatidan universitetda o’qish balandroq va yaxshiroq hisoblanadi. Ausbildung bilan yuqori lavozimlarda ishlash qiyin,sizning imkoniyatlaringiz cheklangan.Agar kelajakda yaxshi karyera qilmoqchi bo’lsangiz,universitetda o’qishingiz lozim. Yaxshi karyera,yaxshi lavozim yaxshiroq oylik degani 🙂
Post Muallifi : Abu Umar
Post 2017-yilda yozilgan!