#Bafög_haqida
Assalomu alaykum. So’ngi ikki-uch oy ichida Germaniyada Ausbildung qilayotgan yoki Ausbildungni tugatib, Fachkraft bo’lib ishlayotgan bir nechta inson bilan bir mavzuda suhbatlashib qoldik. Aniqroq aytganda, men gaplashgan insonlar, Ausbildungdan keyin Germaniyada Universitetda o’qishni niyat qilib yurishgan ekan. Ularda asosan „Hozir tayyor ishim bor, agar ishdan bo’shab, o’qishga kirsam, o’zimni o’zim moliyaviy tomondan ta’minlay olarmikinman. Ham ishsiz, ham pulsiz qolib ketmasmikinman?“ kabi savollar tug’ilmoqda.
Universitetda o’qish Ausbildungdan yaxshiroq ekanligi haqida ko’p aytilgan, buni takrorlab o’tirishni xojati yo’q menimcha. Yaxshi maoshli, work-life balansi yaxshiroq, asosan aqliy mehnatdan iborat joyda ishlash uchun Universitetda o’qish foydaliroq.
Endi yuqoridagi holatga qaytsak, Ausbildungni tugatib, universitetda o’qimoqchi bo’lganlar, o’qish davomida moliyaviy tomondan qiynalib qolmasligi uchun nima qilsa bo’ladi?🤔
Buning uchun boshqa talabalar singari yarim-stavka ishlarda ishlashi yoki stipendiyaga harakat qilishlari mumkin. Ammo Germaniyada 3-4 yil yashab qo’yganlar uchun boshqa variant ham bor, aniqroq aytadigan bo’lsak, ular ham xuddi nemislar singari Bafögga topshirsa bo’ladi. Ma’lum shartlar bajarilsa.
-Bafög o’zi nima?
-Bafög bu Germaniyadagi o’quvchi va talabalarga beriladigan moliyaviy yordam, xuddi stipendiya kabi. Lekin Bafög Stipendiya emas, chunki Bafögning faqat 50% i sizga beminnat beriladi, qolgan 50%ini davlatga qaytarib berishingiz kerak bo’ladi. Agar sizga berilgan Bafögning ellik foizi 10 ming yevrodan oshib ketsa, u holda faqat 10 ming yevro qaytarasiz. Buni ham o’qishni bitirib, 3-4 yil ishlab, keyin oyiga 130€ dan qaytarish mumkin. Misol uchun, siz 6 semesterda har oy 934€ dan umumiy hisobda 33 ming 624€ oldingiz. Uning yarmi, sal kam 17 ming yevro sizga sovg’a, qolgan yarmini ham faqat 10 ming yevrosini qaytarasiz, qolgan qismi ham sovg’a. Xullas, Bafögdan maksimum 10 ming yevro qarz bo’lib qolishingiz mumkin, qancha pul olishingizdan qat’iy nazar. Oyiga maksimum 934€ olish mumkin, agar farzandingiz bo’lsa, har oy 150€ qo’shimcha olasiz.
-Bafög qaysi holatlarda chet elliklarga ham beriladi?
-Quyidagi holatlarda chet ellik talabalar ham Bafög olishlari mumkin:
1️⃣. Niederlassungserlaubnis bor bo’lsa. Agar sizda Germaniyada yashash uchun doimiy ruhsatnoma bo’lsa, u holda siz ham Bafögga harakat qilsangiz bo’ladi. Ausbildungni tamomlab, Niederlassungserlaubnis olish uchun 2 yil ishlashingiz kerak bo’ladi.
Agar Ausbildungni tamomlab, 2 yil ishlashdan oldin o’qishni boshlamoqchi bo’lsez ham, vizani talabalik vizasiga almashtirib yurmang. O’sha Ausbildungdan keyin olingan viza bilan Teilzeit ishlab, o’qishni ham eplasangiz bo’ladi. 2 yil ishlab olsangiz, keyin 3-yili Bafög hisobiga yashashingiz mumkin. Keyin Magistratura o’qisangiz, uni to’liqligicha Bafög yordamida moliyalashtirishingiz mumkin.
2️⃣. Germaniya fuqarosini yoniga oila birlashtirish vizasi bilan kelgan bo’lsa.
3️⃣. O’zbekiston fuqarosini oldiga oila birlashtirish vizasi bilan kelgan bo’lsa va Germaniyada 15 oy yashagan bo’lsa. Undan tashqari, Germaniyada yurgan ikkita talaba o’zaro turmush qurib, bittasi vizasini oila birlashtirish vizasiga o’zgartirsa, u ham Bafög olishga harakat qilsa bo’ladi, sharti Germaniyada 15 oy yashagan bo’lishi.
4️⃣. Agar o’qish boshlanishidan oldin Germaniyada 5 yil ishlagan bo’lsa. Agar BFD/FSJ qilgan bo’lsa, ular ham xuddi ishlagan hisobida tavsiflanadi. Deylik, siz Germaniyaga BFD/FSJ bilan kelgansiz, 1 yil ko’ngillik bo’lib ishladiz, undan keyin 4 yil bakalavrda o’qidiz. O’qish davomida o’rtacha 1000€ atrofida oylik oldiz. Shunaqa holatda, agar siz Germaniyada magistratura o’qimoqchi bo’lsangiz, u holda Bafög olsangiz bo’ladi. Chunki, siz magistraturani boshlashdan oldin Germaniyada 5 yil ishlab qo’ygansiz. (1 yil BFD + 4 yil yarim stavka ish)
Yuqorida faqat Bafög olishning bir sharti haqida ma’lumot berildi xalos, Bafögning boshqa shartlari ham bor. Misol uchun, ota-ona daromadi ma’lum chegaradan o’tmasligi, bakalavr o’qigan odam yana bakalavr o’qimasligi va hkz. Bafög olish uchun shu shartlarni barchasiga javob berish kerak.
Germaniyada o’qish O’zbekistonda o’qishdan qiyinroq, ayniqsa xarajatlar uchun o’qishdan tashqari 20-30 soat ishlash kerak bo’lsa. Shuning uchun, yuqoridagi singari Ausbildungdan keyin universitetda o’qimoqchi bo’lganlarga, o’qishni boshlashdan oldin, Bafög-Amt bilan bog’lanib, „men ham Bafög olsam bo’ladimi“ deb so’rab ko’rishni maslahat beraman. Shunda, balki bor etiborni o’qishga qaratib, o’qishni tezroq va yaxshiroq bilimlar bilan tamomlarsiz…
Post Muallifi : Abu Umar
Telegramdagi @uzDeutschland kanali uchun maxsus!