Hammamizga ma’lum, Germaniya oliy ta’lim sifati bo’yicha jahondagi ilg’or mamlakatlardan hisoblanadi. Lekin ko’pchilik Germaniyadagi oliy ta’lim muassasalari turli xil ekanini bilishmas ekan. Germaniyada bakalavr darajasida o’qish uchun 2 xil oliy ta’lim muassasasi mavjud:
- Universität
- Fachhochschule
Agar siz ta’limni Germaniya davlatida davom ettirmoqchi bo’lsangiz, shu ikki oliy ta’lim muassasalari haqida ma’lumotga ega bo’lishingiz maqsadga muvofiq.
Ho’sh, bu ikkisi nimasi bilan farq qiladi? Nimasi bilan bir biriga o’xshash? Ikkala oliy ta’lim muassasasida ham bakalavr va magistratura darajalarida o’qish imkoniyati mavjud. Har ikkisida ham o’zingiz egallamoqchi bo’lgan kasb uchun yetarli bilimlarni olish mumkin. Ikkalasi ham bepul (Sozialbeitragni hisobga olmasa, albatta),ikkalasida ham Kreditleistungspunkte to’plash talab etiladi.
Ho’sh,ularni farqi nimada? Bir necha yillar oldin,agar kimdandir shu savolni so’rashsa „Fachhochschule da amaliyot, Universitetda nazariya o’rganiladi“ deb javob berar edi. Ammo bu hozirgi kunda unchalik to’g’ri emas.
Quyida Fachhochschule va Universitetlarning asosiy farqini sanab o’tamiz.
- O’rganish muhiti, ya’ni universitetda asosan leksiya orqali o’rganiladi. Leksiyada 100-200 hatto 500 ta talaba ham qatnashishi mumkin, Fachhochschule da esa talabalar kichik guruhlarda o’qitiladi, asosan seminar va mashqlar orqali bilim olinadi. Yana bir muhim jihati shundaki, Fachhochschule da savollaringizga javob beruvchi Dozent doim topiladi, universitetda esa dozentingizning sizdan boshqa yana ko’plab talabalari bo’ladi, bu esa sizga dotsent bilan muloqot qilishingizga halaqit beradi.
- Stundenplan. Fachhochschule da Stundenplan oldindan tayorlangan bo’ladi, ya’ni siz dushanba qaysi fanga nechida kelishiz, juma qaysi darslarda qatnashishiz kerakligini o’zingiz hal qilishingiz shart emas. Universitetda esa aksincha, u yerda stundenplanni o’zingizga moslab tuzish imkoniyati ko’proq, qachon nima o’qishni o’zingiz hal qilasiz.
- Fachhochschule da PhD qilishning ilojisi yo’q, agar siz PhD qilmoqchi bo’lsangiz,Universitetga gaborishingiz lozim.
- Fachhochschule da yo’nalishlar chegaralangan, misol uchun u yerda tibbiyot yoki Germanistika o’qiy olmaysiz. Asosan technikaga oid yo’nalishlar mavjud.
- Eng asosiy farq. Yuqorida „Fachhochschule da amaliyot,universitetda nazariya“ gapi hozir unchalik tog’ri emasligini yozgandim. Fachhochschule da ham nazariya o’rganiladi, universitetda ham amaliyot(praktikum) o’tiladi. Ammo Fachhochschuleda o’qiyotgan talaba asosiy e’tiborini amaliyotga qaratadi, u o’qish davomida turli firma,kompaniyalar bilan birga ishlaydi, u yerda katta tajriba to’playdi. Shuning uchun Fachhochschule da o’qigan talaba ish topishga unchalik qiynalmaydi, chunki uni turli firmalar bilan kontakti bor, u tajriba to’plagan, u o’z ishini bemalol qila oladi. Universitetda o’qigan talaba esa asosiy vaqtini nazariy bilimlarga sarflaydi. Kerakli keraksiz ko’plab teoriyalarni o’rganadi, amaliyot qilish imkoni kam, agar qilmoqchi bo’lsa ham firma va kompaniyani o’zi izlab topishi kerak. Biroq, u o’z ishining asoslarini yaxshi biladi, tajribasi kam bo’lsa ham, bilimi ko’p. Maoshlarchi? Kim ko’proq topadi?)) Bu savolga javob berish mushkul, chunki bazi sohalarda Fachhochschule da o’qiganlar, boshqalarida esa Universitätni bitirganlar ko’proq topadi. Avval boshida maoshlar unchalik farq qilmaydi, ammo vaqt o’tishi bilan, aksar holatda universitet talabasining maoshi va lavozimi ko’tarilib boradi, chunki uning bilimi ko’p,yangicha usullar, kreativlik unda yuqori(ko’pincha). Hozirgi kunda Germaniyada yuqori lavozimda ishlovchilarning judayam ko’pchiligida Universitet diplomi bor. Oliy ta’limni Germaniyada davom ettirishdan oldin, maqsadingizni aniqlab oling? Siz uchun nima muhim? Amaliy bilimlar,ulkan tajriba, kompaniyalar bilan yaxshi aloqa, oldindan belgilangan o’qish jadvalimi? Yoki chuqur nazariy bilimlar, ilmiy izlanishlar,o’zingiz xoxlagandek o’quv jadvali va kelajakda yuqorilavozimmi? Qaysi oliy ta’lim muassasasini tanlashingizdan qat’iy nazar, sizga omad va zafarlar tilab qolaman. Asosiysi harakatdan to’xtamang!
Bu Postni uch-to’rt yil oldin yozgan edim. O’sha vaqtda Fachhochschule haqida ma’lumotim kamroq edi. Ammo hozirda Fachhochschule haqida ko’proq ma’lumotga ega bo’lganim uchun, quyidagilarni ham aytib o’tmoqchiman:
- Fachhochschuleda o’qish universitetda o’qishdan ko’ra osonroq. Ya’ni sizdan juda chuqur bilimlarni o’rganish talab etilmaydi. Asosan hozirgi kunda kerak bo’ladigan, praxisnahe bilimlar o’rgatiladi. Shuning hisobiga o’rganilishi kerak bo’lgan yuklama ham universiterga nisbatan kamroq.
- Universitetda bitta fandagi imtihondan 3 marotaba yiqilsangiz, u holda butun Germaniya bo’yicha o’sha fanni o’qiy olmaysiz. Deylik, universitetda Matematika fanidan 3 marta yiqildingiz, sizga boshqa imkoniyat berilmadi. Ana o’sha holatda siz Fachhochschuleda yana matematika o’qishingiz mumkin.
Post muallifi : Abu Umar