Germaniyada magistratura o’qish haqida ma’lumotlar

Ushbu postni 2017-yilda yozganman va men yozgan eng birinchi post shu hisoblanadi.

Assalomu alaykum. Guruhda Germaniyada qanday qilib magistratura o’qish mumkinligi haqida savollar ko’p berilmoqda. Bugun shu haqida ma’lumot berishga xarakat qilaman.

Ho’sh ,demak siz O’zbekistonda bakalavrni tamomladingiz, endi esa bilim olishni Germaniyada davom ettirmoqchisiz. Lekin nimadan boshlashni, qanday hujjat topshirishni bilmayabsiz. Unda bu maqola aynan siz uchun.

Nemis universitetlarida magistratura o’qish uchun sizdan ko’p narsa talab qilinmaydi. Umuman olganda sizdan talab qilinadigon asosiy hujjatlar, ikkita xalos:

  1. Bakalavr diplomi
  2. Til bilish haqida sertifikat.

    Sizda shu ikkisi bormi? Unda deyarli talabasiz 🙂 Avvalambor, qaysi yo’nalishda o’qishingizni belgilab oling. Iloji boricha bakalavrda o’qigan sohangizga yaqin sohani tanlang, shunda magistraturaga osongina qabul qilinishingiz mumkin. Misol uchun, ikkita abituriyent Magistraturada Ekonomika o’qimoqchi. Biri bakalavrda biznes sohasida o’qigan, ikkinchisi qishloq xo’jaligida. Universitetdagilar albatta biznes sohasi ekonomikaga yaqinligi uchun, shu sohada o’qigan abituriyentni qabul qiladi. Demak, iloji boricha bakalavrda o’qigan sohangizga yaqin sohani tanlang.

    Ammo bu degani, boshqa sohada umuman o’qiy olmaysiz degani emas. Har bir universitetning o’z kriteriyalari bor. Umuman boshqa sohaga qabul qilinish imkoniyatingiz kam, lekin imkoniyatingiz umuman yo’q degani emas. Biznes sohasidagi bakalavr diplomi bilan Computer Scienceda master qilayotganlar ham yo’q emas.

    Sohangizni tanlab oldingizmi? Endi nima qilish kerak? Endi daad.de saytiga kirib, qidiruv tizimidan o’z sohangiz o’qitiladigan universitetlarni toping, ular bilan tanishib chiqing. Har birini o’z talablari bor. Bir narsani aytib o’tishim kerak, ko’pchilik universitetlarni shaharga qarab tanlaydi. Misol uchun, Leipzig Universiteti Köln universitetidan yaxshi bo’lishi mumkin ammo Köln shahri Leipzig shahridan yashash uchun yaxshiroq. Shuning uchun, talabalar Köln da o’qishni afzal ko’rishadi. Siz ham avvalo o’zingizga yoqqan shahardagi universitetlarga hujjat topshiring. O’zing sevgan shaharda talaba bo’lishga nima yetsin?)) Master o’qimoqchi bo’lganlar, yana bir narsaga e’tibor berishlari kerak. Ba’zi sohalar cheklangan talabalarni qabul qiladi (Numerus clausus). Ya’ni, 100 ta abituriyentdan 70 tasiga joy bor(tahminan). Agar siz tanlagan soha, cheklangan o’ringa ega bo’lsa, sizning bakalarda o’qigan sohangiz,baholaringiz ko’rib chiqiladi. Universitet talablariga eng mos kelgan abituriyentlargina qabul qilinadi. Endi yana bir muhim jihatga e’tibor berishimiz kerak. Ko’pchilik Germaniyada o’qimoqchi bo’lganlar „Germaniyada masterni ingliz tilida o’qisa ham bo’ladimi? U ham tekinmi“ deb so’raydi. Javob – ha, albatta. Siz magistraturani xohlasangiz nemis tilida, xohlasangiz ingliz tilida o’qishingiz mumkin. (Hamma sohada ham buni iloji yo’q). Ho’sh, sohangizni va universitetni tanlab oldingiz. Endi buyog’i hamma universitetlarda har xil jarayon. Men Bochum shahridagi Ruhr Universiteti misolida jarayonning davomini yoritishga xarakat qilaman. Misol uchun, men nemis tilini bilmayman. O’zbekistonda xalqaro biznes sohasida o’qiganman. Endi esa Germaniyada economics o’qimoqchiman, ieltsdan 7 balim bor. Ho’sh, bu holatda mening imkoniyatlarim qanday? Endi Men Ruhr universiteti saytidan economics yo’nalishida master degree o’qish talablarini ko’rib chiqishim kerak. Universitet saytida yozilishicha, mendan birinchi navbatda economics sohasiga bog’liq bakalavr diplomi va undan keyin Ielts 6.5 ball talab qilinar ekan. Menda ikkalasi ham bor 🙂

Endi, Universitet saytining online hujjat topshirish bo’limiga kirib, online hujjat topshiraman. Keyin original hujjatlarni pochta orqali Ruhr universitetiga yuboraman. Ana, bir zumda hammasi tayyor bo’ldi 🙂 Nemis tilida o’qimoqchi bo’lganlar uchun C1 telc, 4×4 Testdaf talab qilinadi. Hujjatlar asosan 15.07 (qishki semestr uchun) yoki 15.01(yozgi semestr uchun) topshirilishi kerak. Bir semestr uchun o’rtacha 200-300€ to’lanadi. Master degree odatda 1.5 yoki 2 yil davom etadi. Agar fanlarni yaxshi o’zlashtira olmasangiz, 4-5 yil ham kamlik qilishi mumkin.

Qo’shimcha sifatida aytib o’tishim kerakki, Germaniyada tibbiyot va huquq sohalarida magistratura o’qishni imkoni yo’q. Tibbiyot sohasida Weiterbildung qilishingiz kerak bo’ladi, u haqida ma’lumotlar saytga joylangan.

Post muallifi : Abu Umar

Kommentar verfassen

Deine E-Mail-Adresse wird nicht veröffentlicht. Erforderliche Felder sind mit * markiert

Nach oben scrollen