Germaniyada talabalar haftasiga necha soat ishlashi mumkin? 🤔

Assalomu alaykum kanal obunachilar. Yaqinda Facebookdagi guruhda Germaniyada o’qiyotgan talabalar qancha vaqt ishlashi mumkinligini so’rab post yozishgandi. Postga beshta odam, besh xil javob yozibdi. Kimdir „haftasiga 20 soatdan oshmasa bo’ldi“ deb yozgan bo’lsa, boshqasi „yiliga 120 to’liq-stavka yoki 240 kun yarim-stavka ishlash mumkin“ deb yozibdi. Ho’sh, ularning qaysi biri haq? Germaniyada ishlayotgan talaba ishlayotgan kunlarining soniga e’tibor berishi kerakmi? Yoki bir haftada ishlayotgan soatigami?🤔

Bugun aynan shu haqida ma’lumot bermoqchiman.

O’zi talabalar qancha ishlayotganini hisob-kitob qilib yurish kimga va nima sababdan kerak? Talabalar o’zi xohlagancha, misol uchun haftasiga 40 soat ishlay olmaydimi?

Talabalar qancha ishlayotganini bilish quyidagi ikkita holat uchun kerak bo’ladi:

1️⃣. Werkstudentenprivileg. Bilamizki Germaniyada to’liq stavkada ishlayotgan inson, oyligining bir qismini ijtimoiy to’lovlarga, xususan ishsizlik sug’urtasiga (Arbeitslosenversicherung), bir qismini kasallik sug’urtasiga (Krankenversicherungga), bir qismini Pflegeversicherungga va yana bir qismini pensionniy fond (Rentenversicherung)ga to’lashi kerak. Deylik, 3 ming yevro Brutto oladigan inson ushbu xarajatlar uchun o’rtacha 617€ to’lashi kerak bo’ladi.

Endi, agar talaba o’qish vaqtida(Vorlesungszeit) haftasiga 20 soatdan ortiq ishlamasa, unga ushbu ijtimoiy to’lovlarni to’lashlikda yengillik beriladi. Undan tashqari, talaba o’qish ta’tili vaqtida (vorlesungsfreie Zeit) bemalol 20 soatdan ortiq ishlashi mumkin. Agar talaba asosan tungi vaqtda yoki hafta oxirida (Wochenende)da ishlasa, u holda ham 20 soatdan ortiq ishlasa bo’ladi. Faqat 20 soatdan oshgan haftalarining umumiy soni 26 tadan oshmasligi kerak. Bir yilda 52 hafta bor, talaba shu 52 haftaning 26 haftasida 20 soat yoki kamroq ishladi va qolgan 26 haftada asosan tungi vaqtda ishlab, 20 soatdan ko’p ishladi. Bu holatda ham, talabaga yuqoridagi ijtimoiy to’lovlarni to’lashda yengillik beriladi. Agar talaba hafta davomida kuppa-kunduz kuni 26 haftadan ko’p ishlaganda, undan yengillik olib qo’yilar edi.

Yengillikni aniqroq tushuntiradigan bo’lsak, talaba o’z oyligidan faqat Rentenversicherung to’lashi kerak bo’ladi. Yuqoridagi 3000€ oylikni olsak, talaba faqat 300€ atrofida Rentenversicherung to’laydi. U boshqa ijtimoiy to’lovlarni to’lashi shart emas. Bir yilda sal kam 4000€ (317€*12) ni tejab qolish mumkin. Krankenversicherung bilan Pflegeversicherungga o’zi to’lashi kerak bo’lgan 1464€ (oyiga 122€12) ni ayrib tashlasak ham, 2536€ foyda qolyabdi.

Yuqorida aytilgan haftasiga 20 soat ishlash mumkin degan qoida faqatgina shu ozgina moliyaviy yengillik uchun kerak bo’ladi. Agar siz bu qoidaga umuman amal qilmasdan, butun yil davomida har hafta 25-30 soatdan ishlasangiz ham, faqat ko’proq ijtimoiy to’lov to’lashizga to’g’ri keladi xalos. Sizga o’qishda ham, ishda ham boshqa hech qanday zarar yo’q. (O’qish uchun vaqt kam qolishini hisobga olmasak).

Misol uchun, talaba ham o’qib, ham haftasiga bemalol 40 soat ishlasa bo’ladi. Faqat ijtimoiy to’lovlarni to’lab qo’ysa bo’ldi. Uni bunaqa ko’p ishlashdan na o’qishi, na ish beruvchisi va na boshqa uchinchi shaxs ta’qiqlay oladi. O’zi eplasa bo’ldi.

Yuqoridagi qoida butun Germaniyadagi hamma talabalarga bir xil. U nemis bo’ladimi, xitoymi, o’zbekmi, farqi yo’q.

Endi ikkinchi qoidaga o’tamiz:

2️⃣. 120 to’liq kun yoki 240 kun yarim stavkada ishlash. Bu qoida faqat chet ellik talabalar uchun. Ya’ni chet ellik talaba, Germaniyaga o’qish maqsadida kelgan bo’lsa, u bir yilda faqat 120 to’liq kun yoki 240 yarim kun ishlashi mumkin. Bu qoidadan asosiy maqsad, talabaning asosiy vazifasi o’qish ekanligi va vaqtini ishlashga sarflamasligi ta’minlash.


Agar siz kuniga 4 soatdan kam ishlasez, bu yarim stavka hisoblanadi. Agar kuniga 4 soatdan ko’proq ishlasez, u holda to’liq kun ishlagan bo’lasiz. Deylik haftasiga 5 kun 5 soatdan ishlayabsiz, bu holatda siz 24 haftada 120 kun to’liq ishlagan bo’lasiz. Yilning qolgan 28 haftasida qonunan ishlashiz mumkin emas.

Yuqorida „haftasiga 20 soat“ qoidasini buzsangiz, shunchaki ko’proq ijtimoiy to’lov to’lashingiz kerakligini aytdim. Lekin Ausländerbehörde aytgan „120 to’liq kun/ 240 yarim kunqoidasiga amal qilmasangiz, u holda muammo jiddiyroq bo’lishi mumkin. 500€ dan 50 ming yevrogacha jarima va vizangiz olib qo’yilishligi yoki boshqa uzaytirib berilmasligi mumkin.

Ammo ikkita yaxshi xabar ham bor :

  1. Hech qaysi tashkilot chet ellik talaba qancha kun ishlab yurganini tekshirib yurmaydi, minglab talabalar 120/240 kun qoidasini buzgan bo’lsa ham, ularga hech kim hech narsa qilmagan. Chunki buni doimiy tekshirib, nazorat qilib yurish juda qiyin ish. Lekin „ko’za kundamas, kunida sinadi“ deganlaridek, extiyot bo’lgan yaxshi. Ayniqsa, bir necha semester o’qib ham, hech qaysi fanni yopa olmaganlardan Ausländerbehörde shubhalanishligi mumkin. Agar tekshirib qolsa, Arbeitgeberdan ma’lumotlarni olib, sizga yaxshigina bosh og’riq qiladi.
  2. Agar universitetning o’zida Tutor yoki Werkstudent bo’lib ishlasangiz, 120/240 kundan ko’proq ishlasangiz ham bo’ladi.

Yuqoridagi haftasiga 20 soat qoidasi bo’yicha, ta’til vaqtida (vorlesungsfreie Zeit) bemalol 20 soatdan ortiq ishlashingiz mumkinligini yozgandim. Ammo 120/240 kun qoidasi bo’yicha siz qaysi vaqtda ishlashingizni ahamiyati yo’q. Hammasini hisoblaganda 120/240 kundan oshmasligi kerak.

Yuqoridagi qoidalar tushunarli bo’ldi degan umiddaman. Endi ishga kiryotganda shularga e’tibor bersangiz, balki o’zingiz uchun foydali bo’lar.

P.S: Yangi viza qoidalariga ko’ra, endilikda chet ellik talabalar ham bir yilda 140 to’liq yoki 280 yarim kun ishlash huquqiga ega.

Post Muallifi : Abu Umar

Telegramdagi @uzDeutschland kanali uchun maxsus.

Kommentar verfassen

Deine E-Mail-Adresse wird nicht veröffentlicht. Erforderliche Felder sind mit * markiert

Nach oben scrollen