Germaniyada dasturchi bo’lib ishlayotgan yurtdoshimiz bilan intervyu

Assalomu alaykum hurmatli guruh a’zolari. Yaqinda intervyu ko’rinishida yangi loyiha boshlaganimiz haqida xabar bergan edik. Ko’pchilik yurtdoshlarimiz Germaniyada IT sohasida ishlayotgan hamyurtimizdan intervyu olishimizni so’rashdi. Bugungi loyihamiz mehmoni Germaniyadagi Klarna Groupda (bu hammamizga tanish bo’lgan “ Sofort Überweisung “ online to’lov xizmatini taqdim qiluvchi shved banki) dasturchi (Software Engineer) bo’lib ishlayotgan hamyurtimiz Nodirbek Shamsiev

-Assalomu Alaykum Nodirbek aka, intervyuga rozilik bildirganingiz uchun tashakkur. Avvalo o’zingiz haqida ma’lumot bersangiz. Qayerda o’qigansiz? Dasturlashni necha yoshdan boshlab o’rgangansiz?

-Vaalaykum assalom, taklif uchun rahmat. Men 1992-yilda tug’ilganman, Bekoboddagi maktabni bitirganimdan so’ng, Toshkent shahridagi Aviasozlar litseyiga o’qishga kirganman. Litsey paytida Diplomatiya Universitetining Iqtisod yo’nalishiga o’qishga kirish uchun matematika fanidan tayyorlanib yurar edim, dasturchi bo’lish niyatim yo’q edi. Litseyni tamomlash arafasida fikrim o’zgarib qoldi va TATU ga o’qishga kirdim. Dasturlash tillarini TATU da o’qib yurgan vaqtimda o’rganganman, shunda ham faqat laboratoriya ishlari yoki o’qishim shart bo’lgan fanlar orqali. O’zim dasturlashni o’rganish yoki tajriba orttirish uchun qo’shimcha nimadir qilmaganman chunki „Mehr Nuri“ fondini stipendianti bo’lganim uchun ko’p bo’sh vaqtim „Kelajak Ovozi“ da o’tar edi. Dasturlashdan ko’ra shu yer men uchun qiziqroq edi. U yerda juda ko’p tanishlar, do’stlar orttirganman, haligacha yaqin aloqadamiz. Ammo „Kelajak ovozi“ tugatilganidan so’ng, asosiy e’tiborimni yana dasturlashga qaratdim, hamda 3-kursdan boshlab ustozim taklifi bilan bir nechta kursdoshlarim bilan birgalikda universitet laboratoriyasida ishlaganman. 2015-yil TATUni bitirgandan so’ng, Rossiyaning Teclot firmasida Full-Stack developer bo’lib 1,5 yil ishladim. U yerda ham TATU da ham asosan Java va Javascriptda dastur yozardik. Hozirda ham asosan javada yozaman. Ammo Magistratura o’qiyotgan vaqtimda Python da ham dasturlar yozganman.

-Magistraturani qayerda va qaysi yo’nalishda o’qigansiz?

-2017-yil fevralda Seul shahridagi Konkuk Universitetining Internet va Multimedia (Internet & Multimedia engineering) yo’nalishiga Magistraturaga kirganman. U yerda machine learning ning bir qismi bo’lgan Natural language processingga oid ishlar bilan shug’ullanganman, buning uchun esa Python yoki R dasturlash tillaridan biri kerak bo’ladi, men Pythonni tanlab, shu bilan ishlaganman.

-Nima uchun aynan Koreya davlatini tanlagansiz?

-Ketishimning asosiy sababi – Stipendiya. Koreyada juda ko’p professorlarga ilmiy izlanishlari uchun talabalar yordami kerak bo’ladi, shuning uchun u yerdan Stipendiya olish qiyin emas. O’qishni bitirib ishlab yurgan vaqtimda bir nechta koreys Universitetiga hujjatlarimni yuborganman. Bundan tashqari TATUdagi koreys millatiga mansub prorektor meni Koreyadagi professorga tavsiya qilgan (recommendation). Shu bilan Koreyaga kelganman, turmush o’rtog’im va farzandim O’zbekistonda qolishgan. Bunga sabablardan biri stipendiya miqdorining ozligi, yana biri esa turmush o’rtog’imning O’zbekistondagi karyerasi.

-Konkuk Universitetida magistratura o’qish davomida qaysi fandan qiyinchiliklarga duch kelgansiz? TATU da olgan bilimlaringiz Magistratura uchun yetarli bo’lganmi? Umuman, siz kabi chet elda magistratura o’qimoqchi bo’lgan yoshlarga TATUda o’qishni o’zi yetarlimi yoki turli xil dasturlash kurslariga borishi zarurmi?

-Konkuk Universitetida eng qiyin fan bu Image Processing bo’lgan, ya’ni rasmlarga ishlov berish, ularni formatini (JPG, PNG va hkz) o’zgartirish, turli xil filtrlar qo’yish. Bularning hammasi matematika bilan bevosita bog’liq. Afsuski, TATU da matematika/algebra fanlari deyarli o’qitilmaydi, ozgina matritsalar va ehtimolliklarni o’qiganmiz xalos. Ammo butun boshli kerakli mavzular qolib ketgan, Image Processing uchun esa juda ko’p matematik bilimlar talab qilinadi.Shunga bu fan qiyinchilik tug’dirgan, anig’ini aytadigon bo’lsam matematik formulalarni klassga implementation qilish kerak edi, misol uchun qorong’ida olingan rasmda hech narsa ko’rinmaydi, shuni image processing orqali filtrlab, pixellar ustida ishlab , depth math lar tuzib rasmdagi objektni ko’rish mumkin. Kechalari uxlamasdan qiyinchilik bilan atiga B+ (uzb sistemasida 3) olganman. Yana TATU ga qaytadigon bo’lsam, o’ylashimcha u yerda tushunchalar biroz notog’ri. TATU da sizni mobile yoki web developer qilib tayyorlashadi , ya’ni asosan kod yozishni o’rgatishadi . Ammo har qanday dasturchi uchun eng muhim narsa bu Algoritmlash va Data Structure (Algoritmlar va ularning tuzilishi bilan ishlash). Bu judayam kerakli va fundamental bilimlarni o’z ichiga olgani uchun, Koreya davlatida 3-4 yil davomida ham bu narsalarni o’rganishadi. Ammo TATU da bu fanni faqatgina bir semester davomida sayoz o’rganib o’tib ketishadi. Koreyada o’qib yurganimda ham kodlash mahoratim koreyslarnikidan yaxshiroq ekanligini bilganman ammo matematika va algoritmlashga kelganda, ular ancha ustunroq edi. Katta kompaniyalarga ishga kirishda ham eng avvalo algoritmlash va data structuredan bilimlaringizni sinaydi. Qaysi tilda yozishingiz, nima qilishingiz u keyingi masalalar.

-Endi bevosita Germaniyadagi faoliyatingiz haqida gaplashsak. Nima uchun Germaniyada ishlashga qaror qilgansiz? Germaniyaga qaysi viza orqali kelgansiz? Viza olish jarayoni qiyin bo’lganmi? Vizani qancha vaqt kutgansiz?

-Bu qarorni men qabul qilmaganman, sababi Koreyada o’qishni bitirganimdan so’ng oldimda ikki yo’l bor edi. Birinchisi, Koreyada qolib ishlash va oilamni shu yerga olib kelish. Ikkinchisi, Germaniyada magistratura o’qiyotgan turmush o’rtog’imning yoniga borish. Ayolim Koreyada o’qishimga rozi bo’lganligi uchun, men ham Germaniyaga kelib, uni magistraturani tugatishiga yordam berishga qaror qilganman. Viza olish qiyin bo’lmagan, Seuldagi Germaniya elchixonasi web sahifasidan kerakli Arizalarni ko’chirib olib, oila birlashtirish (Familienzusammenführung) vizasiga hujjat topshirganman. 3-4 haftada vizam chiqqan.

-Qaysi davlat sizga ko’proq ma’qul kelgan – Germaniya yoki Koreya? Nima uchun?

Germaniya, chunki yoshligimdan Germaniya va Yevropa davlatlari tarixiga qiziqqanman, madaniyati ham jamiyati ham o’zbeklarga yaqinroq. Koreyada o’zimni begona his qilganman, chunki jamiyati boshqacha, odamlari boshqacha, ularning ko’rinishi boshqacha, ayniqsa bo’yim uzun bo’lganligi uchun Koreyada o’zimni boshqacha his qilardim, Germaniyaga kelganimdan keyin hammani bo’yi menikiga o’xshab uzunligi uchun o’zimni qulayroq his qildim. Nemislarni ovqatlari ham biznikiga o’xshab ketadi, Koreyada esa asosan cho’chqa go’shti va bacon iste’mol qilinadi. Germaniyadagi odamlar ham koreyslardan ko’ra ancha samimiy, kulib gapiradi, hol ahvol so’redi, koreyslar esa o’ta sovuqqon. Ammo Infrastruktura borasida Koreya ancha ilgarilab ketgan, u yerda o’zimni xavfsiz his qilganman, Germaniyadagi kabi velosipedlar o’g’irlanib ketmidi, odamlar mast holatda jamoat transportida yurishmidi. Har joyda kamera va politsiya bor. Umumiy olganda esa, baribir Germaniya ko’proq yoqdi.

-Klarna Groupga ishga kirish jarayoni qanday bo’lgan? Job Intervyuda sizdan algoritm yoki biron dasturni yozib berishingizni so’rashganmi? (aynan qanday dastur yoki algoritm)

-Men bu savolingizga qisman javob beraman, chunki Klarnaning hodimi bo’lganim uchun ko’p ma’lumotni aytishga huquqim yo’q. Kontraktimda shunday yozilgan. Qisqacha aytadigon bo’lsam, dasturlash tili unchalik muhim emas, chunki odatda Klarna, Facebook, Amazon kabi kompaniyalarga hujjat topshirganingizdan so’ng u yerdagi recruiter (hodimlarni ishga yollovchi inson) sizning rezumeyingizni (CV, Lebenslauf) ko’rib chiqadi va ma’qul kelsangiz sizga online assessment uchun link yuboradi. U yerda sizga algorithm va data structuredan 3-4 ta savol beradi, o’sha savollarga o’ziz xoxlagan dasturlash tilida javob yozishingiz mumkin. Ba’zi firmalar, qaysi dasturlash tilida yozishingiz kerakligini oldindan belgilab qo’yishlari ham mumkin. Shundan so’ng, agar hamma savollarga tog’ri javob bergan bo’lsangiz, sizni real job intervyuga chaqirishadi. U yerda dunyoqarashiz, fikrlashiz, ish tajribangiz haqida so’rashadi. Keyin sizni o’zlarini ofisiga chaqirib, yana algorithm yoki shunga o’xshash mavzuda masala beradi, bu safar ushbu masalani ularning yonida yechib berishingiz kerak. Agar shu bosqichlarni hammasidan muvaffaqqiyatli o’tsangiz, sizga ish shartnoma taklif qilishadi. Bu katta kompaniyalardagi jarayon, kichkina firmalarda ishga kirish jarayoni qanday bo’lishi haqida xabarim yo’q.

-Klarnada ish muhiti qanday? Hamkasblar bilan nemis tilida muloqot qilasizmi yoki ingliz tilida? Kun bo’yi aynan qanday ish bilan band bo’lasiz (debugging, monitoring, building etc)

-Ish muhiti juda ham zo’r. Klarna shved kompaniyasi bo’lganligi uchun, ish jarayoni shvedcha usulda olib boriladi. Work-Life Balance, hodimlar bilan munosabat hammasi a’lo darajada. Hamkasblar bilan ingliz tilida muloqot qilamiz, chunki kompaniyaning Yevropani boshqa shaharlarida (Berlin, Stockholm va hkz) joylashgan ofisidagi hodimlar bilan ham doimiy aloqada bo’lishimiz kerak, u yerda ishlayotgan hodimlar nemis tilini bilmidi. O’zi ish qidirayotganimda ham faqat ingliz tilidagi ishlarni izlaganman, Klarnada nemis tilini bilish talab etilmaydi, ingliz tilini bilsa kifoya. Kun bo’yi delivery bilan shug’ullanaman, judayam murakkab jarayon bo’lganligi uchun tushuntirib berolmayman, oddiy qilib delivery deyish mumkin.

-Sir bo’lmasa oylik maoshingiz qancha ekanligini ayta olasizmi? Umuman klarnada dasturchilar uchun o’rtacha maoshlar qancha?

-Turli xil intervyularni kuzatayotganimda shu savolga juda ko’p duch kelaman. Agar men ham intervyu olganimda, shu savolni so’ragan bo’lar edim. Lekin odam biron bir kasbni mutaxassisi bo’lib, biznes muhitda ishlagan sari bunaqa savollar berish notog’ri ekanligini tushunib yetadi. Afsuski oyligim qancha ekanligini aytolmayman. Bu yerda oylik aniq qilib belgilanmagan, siz mahoratizga va bilimizga qarab o’zingizga oylik ola olishiz kerak, ya’ni sizga ish taklif qilishganda savdolashib, shuncha oylik berilmasa, sizlar bilan ishlay olmiman deyishiz mumkin. Klarnadagi dasturchilarning o’rtacha oyligini ham aytish huquqim yo’q, ammo stackoverflow saytida oyliklar haqida ma’lumot bor, ular ishonchli, chunki so’rovnomaqilinganda o’zim ham maoshim qanchaligini anonim tarzda o’sha yerda belgilaganman. ( Stackoverflow saytidagi ma’lumotlarga ko’ra Software Engineerlarning o’rtacha yillik maoshi lavozimiga qarab 40000€ dan 70000€ gacha brutto, ya’ni bu summadan sozialversicherung va lohnsteuer olib qolinib (o’rtacha 35-40%) qolgani sizga beriladi.)

-Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O’zbekistonga qaytish niyatingiz bormi?

-Bu savolga qanday qilib aniq javob berishni bilmayman, tog’risi. Sababi, oxirgi uch yilda ancha narsa o’zgarib ketdi. Misol uchun, bir necha yil oldin dunyodagi eng katta Fin-Tech kompaniyalarda ishlashni tasavvur ham qilmagandim. Dunyo tez rivojlanib ketmoqda, oldindan nimadir deyishim qiyin. Asosiy niyatlarimdan biri bu oilam bilan sayohat qilish.

-Siz kabi dasturchi bo’lishni xoxlagan yoshlarga qanday maslahatlar berasiz? Universitetda o’qigani yaxshimi yoki internetda turli kurslardan dasturlashni o’rganishmi? Chunki ko’pchilik universitetda asosan nazariya o’tiladi, amaliyotga ko’p vaqt bo’lmidi deb o’yledi. Shu fikrga qo’shilasizmi?

-Birinchidan men hali unchalik qari emasman yoshlarga maslahat bergani(kuladi). Bor yo’g’i 28 ga kirdim. O’zimni juda ham zo’r software engineer deb o’ylamiman, ammo o’zimni lavozimim va olayotgan maoshimga loyiqman deb hisoblayman. Agar Yevropada qolib, Blue Card bilan ishlamoqchi bo’lsangiz odatda sizdan ishlamoqchi bo’lgan sohangiz bo’yicha universitet diplomi so’raladi. Ikkinchidan, universitetda muhit juda ham zo’r, o’zim ham Koreyada o’qish davomida judayam ko’p tajriba to’plaganman. O’qish davomida tog’ridan tog’ri kelajakdagi kasbingizga oid kerakli ilmlarni egallaysiz, shuning uchun universitetda o’qishni muhim deb hisoblayman. Online kurslardan ham o’rganish kerak albatta, ikkalasini teng qilish mumkin. O’zbekistonda nazariyadan ko’ra amaliyot ko’proq o’tiladi, ammo Nazariya ham juda muhim. Shoshilmaslik kerak. O’zingizni qiziqtirgan sohaga, misol uchun Software engineering sohasidagi yaxshi universitetga kirib, 1-2 yillari algoritmlash, data structures, data science, machine learning kabi mavzularni nazariyasini yaxshilab o’rganish lozim. Amaliyotni esa keyinroq tanlab, praktika qilsangiz ham bo’ladi. Universitetda dars berayotgan professorlar zor dasturchilar emas, ular real hayotda kerak bo’ladigon hamma amaliy bilimlarni bera olmaydi. Shuning uchun, Google, Facebookda ishlagan dasturchilarning online kurslarini ko’rish ham juda muhim. Ikkalasini kombinatsiya qilish kerak. Va yana bir bor nazariya juda ham muhim ekanligini eslatib o’tmoqchiman, ayniqsa algoritmlash va data structure. IT kompaniyalar shu mavzuga aloqador bir ikkita savol berish orqali(sorting ga oid, yoki xotirani qanday ishlashiga oid va hkz) sizni qanday dasturchi ekanligingizni bilib olishadi, shuning uchun fundamental mavzulardagi nazariy bilimlar ham juda muhim. Ayniqsa siz junior dasturchi sifatida ish boshlamoqchi bo’lsangiz, lekin 15 yillik tajribangiz bo’lsa, unda qo’shimcha savollarsiz, tog’ridan tog’ri shartnoma berishlari mumkin.

-Hozirda suniy ong (Artificial intelligence) ancha tez rivojlanib bormoqda. Kimlardir kelajakda AI o’z o’zini boshqarib, insoniyatga ziyon keltitadi deb o’ylamoqda.(Xuddi Terminator filmi kabi)) Shu haqida fikringiz qanaqa?

-Suniy ong tez rivojlanib bormoqda degan fikrga qo’shilmayman. Misol uchun, 10 yil oldin Discovery kanalida ko’rganimda IBM Watson kompyuteri shaxmatda, turli savol-javob o’yinlarida odamlarni yutgandi. O’shanda ushbu kompyuter 10 yildan keyin rakni simptomlarga qarab 99% aniqlikda aniqlay oladi deb va’da berishgandi. Ammo mana 10 yil o’tdi ammo deyarli hech narsa o’zgargani yo’q. O’zim ham Koreyada o’qib yurgan vaqtimda machine learningga oid atom elektr energiyasidan qayta tiklanuvchi (renewable) elektr energiyani yetkazib berish mavzularida ishlaganman. Shuning uchun Suniy ong juda ham rivojlanib ketgan deb o’ylamayman. Hozir odamlar eng ko’p foydalanadigan machine learning bilan ishaydigan dasturlar bu Instagram va Youtube. (sizga yoqadigan post yoki videolarni ko’rsatishga xarakat qiladi). Suniy ong odamlarga ziyon keltira oladimi degan savolga ham yo’q deb javob bergan bo’lardim. Menimcha bu computer science olamida ancha uzoq bo’lgan, “Terminator“ kabi turli xil science-fiction filmlarni ko’rib, shu mavzudagi kitoblarni o’qib yurgan odamlarning xavotiri. Chunki, Birinchidan biz ong nima yoki hayot nima degan savollarga na matematik jihatdan, na falsafiy va na biologik tomondan javob bera olmaymiz. Suniy ong bu shunchaki og’irliklar matritsasi (weight matrix)dan foydalanib shablonlarni aniqroq bashorat qilish (prediction). Qo’rqishning keragi yo’q, agar suniy ong juda ham rivojlanib ketadi deb hisoblasak ham, u odamzotga ziyon keltirishi uchun biz unga raqobatchi bo’lishimiz kerak. Misol uchun, biz yillar davomida o’zimizga raqobatchi bo’lgan, xuddi biz kabi carbon-based (ya’ni yashayotgan hamma jonzotlarning DNK si uglevodli) hayot kechiradigan turli hayvonlarni o’ldirganmiz yoki o’zlari yashagan joylaridan uzoqlashtirganmiz. Kompyuterlar uglevoddan emas, ya’ni 0 va 1 ni tushunadigan kremniy transistorlardan tashkil topgan. Shuning uchun biz uni hayot ham deya olmaymiz. Demak, u bizlarga raqobatchi bo’la olmaydi. Suniy ong o’zini reflikatsiya qila olmaydi, o’zini ko’paytirolmaydi va o’zining hayot maqsadini belgilay ololmaydi. Qisqa qilib aytsak undan qo’rqishga asos yöq. Suniy ong hayotimizni osonlashtirishga, biz ishlatadigan resurslarni effektivroq ishlatishimizga va shu kabi boshqa ishlarni amalga oshirishimizda yordam beruvchi bir vosita xalos.

Intervyu uchun yana bir bor rahmat Nodir aka. Intervyuni kelajakda dasturchu bo’lmoqchi bolgan hamyurtlarimizga foydasi tegadi deb umid qilaman. Ishlaringizga rivoj, o’zingizga sog‘-salomatlik tilayman

Muallifni va sayt xarajatlarini (Hosting, Domain) qo’llab quvvatlash : https://tirikchilik.uz/uzdeutschland

Savollar muallifi : Abu Umar

Kommentar verfassen

Deine E-Mail-Adresse wird nicht veröffentlicht. Erforderliche Felder sind mit * markiert

Nach oben scrollen