Assalomu alaykum hurmatli vatandoshlar. Bugun sizlarga O’zbekistonda talaba bo’lgan holda, qanday qilib yozgi ta’til davomida Germaniyada ishlash va sayohat qilish haqida ma’lumot bermoqchiman. Agar siz talaba bo’lsangiz, nemis tilini minimum A2 darajada bilsangiz va yozgi ta’tilni Germaniyada o’tkazmoqchi bo’lsangiz, unda postni oxirigacha o’qib chiqing.
Ushbu dastur nomi “Ferienbeschäftigung für im Ausland immatrikulierte Studierende‘‚ (AQSHning work and travel dasturiga o’xshash) bo’lib, die Bundesagentur für Arbeit (BA) (Agentur für Arbeit Köln) tomonidan xorijiy mamlakatda o’qiyotgan talabalar uchun ta’tilda Germaniyada qonuniy ishlash imkonini beradi.
-Dasturda kimlar qatnashishi mumkin va dastur qancha davom etadi?
-Dasturda Germaniya tashqarisida o’qiyotgan talabalar(1-,2-,3- kurs) qatnashishi mumkin. Dastur ko’pi bilan 90 kun davom etadi.
-Dasturda qatnashmoqchi bo’lgan talabalarga qanday talablar qo’yiladi?
-Talaba Germaniyaning har qanday shahrida minimum 2 oy davomida ishlashga tayyor bo’lishi kerak, ya’ni qaysi shaharda ishlashni o’zingiz tanlay olmaysiz. Xatto nemis tilini bilmasdan, faqat ingliz tili bilan ham kelishingiz mumkin.
-Qanday hujjatlar talab qilinadi?
-2 nusxada Ariza namunasi + 3,5×4,5 rasm, Pasport kopiya, talaba ekanligingiz haqidagi ma’lumotnoma(post ostidagi fayl printerdan chiqarilib, universitetingiz tomonidan to’ldirilishi kerak, ikki nusxada tayyorlang, bittasi Germaniyaga kelganingizda ish beruvchiga topshiriladi), agar bor bo’lsa haydovchilik guvohnomasi, agar bor bo’lsa til sertifikati.
-Hujjatlarni kimga jo’natish kerak? Oxirgi muddat qaysi?
-Yuqoridagi hujjatlarni 31.01.2021 sanasigacha quyidagi manzilga yuborishingiz kerak. (ya’ni 31.01.2021 kuni hujjatlariz allaqachon manzilga yetgan bo’lishi kerak, shuning uchun kamida ikki hafta oldin yuborish talab etiladi):
Agentur für Arbeit Köln, Team 007/008 Villemombler Straße 76, 53123 Bonn
-Bu dastur orqali yozda Germaniyaga borib ishlashimga kimdir kafolat bera oladimi?
-yo’q, eng avvalo hozirgi Korona vaqtida kelayotgan yozda ushbu dasturga ruhsat bo’ladimi yo’qmi, hali aniq emas. Arbeitsagentur hamma talabaga ish topib berishga harakat qiladi ammo kafolat bera olmaydi. O’zbekistondagi turli firmalar kafolat beramiz deyishsa ham aslo ishonmang.
-Ish beruvchini qanday topaman?
-Ish beruvchini arbeitsagentur siz uchun topib beradi. Hujjatlarni yuborgach, aprel oyidan boshlab ish takliflari kela boshlaydi. Shu vaqt davomida emailni doimiy tekshirib turing. Taklif kelganidan so’ng, ushbu taklifga rozimisiz yo’qmi Agenturga xabar berib qo’ying. Taklifda ish beruvchining kontakti bo’ladi. O’sha kontakt bilan bog’lanib, oylik ish haqi, haftalik ish soati, kvartira,shanba yakshanba ishlash kerakmi yo’qmi, aynan qanday ish qilish kerakligi haqida ish beruvchi bilan kelishib oling.
-Ish beruvchi meni kvartira bilan ta’minlaydimi?
-Juda ham kamdan kam holatda ish beruvchi o’zini hisobidan kvartira beradi. Kvartiraga pulni o’zingiz to’laysiz (oyiga 300-400€). Ish beruvchi sizga kvartira yoki hosteldan xona topishga yordam beradi.
-Asosan qanday ishlar taklif qilinadi?
-Asosan mehmonxona va restorant, bino tozalash, qishloq xo’jaligi sohasida ish berilad. Lekin boshqa ishlar ham taklif qilinishi mumkin.
-Ferienbeschäftigung uchun olgan viza bilan boshqa Yevropa davlatlariga borsam ham bo’ladimi?
-Albatta, bemalol shengen hududi bo’ylab sayohat qilish mumkin. Bu hafta Parijga, kelasi hafta Barselonaga…
-Qancha pul ishlab olishim mumkin?
-Germaniyada eng kam ish haqi 12€. O’rtacha ish soati haftasiga 40 soat deb olsak, oyiga sal kam 2000€ brutto bo’ladi. Soliqlardan keyin 1800€ atrofida pul tegadi. Bu eng minimum holatda. Odatda bundan ko’p to’lanadi. Shanba va yakshanba ishlashga tog’ri kelsa, olayotgan oyligingiz yanada ko’payadi. 3 oyda o’rtacha 5000€+ topish mumkin yaxshi harakat qilgan odam. Harajatlar oyiga kvartira (300€, 400€), oziq ovqat (100€) va transport (100€). Undan tashqari borib kelish uchun bilet(500€-700€), shaharga borish uchun bilet (30-40€,agar bir necha hafta oldin sotib olsangiz, viza 75€.)
Dastur haqida yetarlicha ma’lumot bo’ldi deb o’ylayman. Keyingi postda viza uchun qanday hujjatlar taqdim etilishi haqida yozmoqchiman. Agar siz 31.01.2021-gacha hujjat topshirishga ulgirmasangiz ham, boshqa imkoniyatlar bor. Germaniyada o’zingiz ish beruvchi topib, keyin kelsangiz ham bo’ladi.
P.S hozirgina Arbeitsagentur bilan telefon orqali gaplashdim. Hodimning aytishi bo’yicha, faqat ingliz tili bilan ham dasturga hujjat topshirish mumkin ekan. Faqat imkoniyat pastroq bo’larkan, asosan qishloq xo’jaligi sohasida ishlasa bo’lar ekan. Shunaqa gaplar. Savollarni guruhimizga yozing. Yana bir gap, hujjatlarni tayyorlash qiyin emas, buning uchun pulga yordam olishni maslahat bermagan bo’lar edim.
Davomi :
Postni o’qib, yozni Germaniyada o’tkashizga qaror qabul qildingizmi? Unda hoziroq quyidagilarni qiling :
- Quyidagi birinchi faylni 2 nusxada printerdan chiqarib, universitetga oboring. Ular formani to’ldirib, pechat qo’yib berishlari kerak.
- Quyidagi ikkinchi formani printerdan chiqarib, nemis tilini biladigon bironta inson bilan birgalikda to’ldiring. 2 nusxada
- 2 dona 3,5 x 4,5 rasm, pasport kopiya(rangli bo’lsa yaxshi), agar bor bo’lsa haydovchilik guvohnomasini kopiyasi va yuqoridagi fayllarni, ya’ni 1 dona universitet to’ldirgani va 2 dona o’zingiz to’ldirganingiz bitta konvertga joylang.
- O’sha konvertni yuqori chap tomoniga postdagi manzilni yozing. Orqa tomoniga esa o’z manzilingizni.
- O’sha konvertni DHL, UPS, FeDex kabi pochta jo’natuvchilarga olib boring. Ularni osongina google map orqali topish mumkin. Pulini to’lab (200-300 ming so’m), pochtani ularga bering.
- Aprel, May oyigacha kuting
- Emailizga ish taklifnomasi keladi, ish beruvchi bilan gaplashib, hamma narsani kelishib oling.
- Vizaga navbatga yozilib (buni oldinroq qilish ham mumkin), termin oling. Viza 10-15 kunda chiqadi. Keyin bilet olib Germaniyaga keling va ishlashni boshleng
- Soqqani bosing, 3-4 ta joyga sayohatga boring va viza muddati tugaganda uyga qaytib, kontraktni o’z vaqtida to’lang. Bor gap shu.
Shu yuqoridagilarni qilish uchun sizda 15-yanvargacha vaqt bor. Lekin qancha erta jo’natsangiz, shuncha yaxshi.
P. S. Faqat pochta orqali hujjatlar qabul qilinadi. Elektron pochta emas, faqat oddiy, konvert bilan jo’natiladigan pochta.
Post Muallifi : Abu Umar