Germaniyada Mechatroniker/in sifatida Ausbildung qilish haqida ma’lumotlar

#Mechatroniker

Assalomu alaykum hurmatli kanal obunachilari. Yaqinda Ausbildungdagi ba’zi kasblar haqida ma’lumotlar berib o’tgandik. Yurtdoshlarimizning Ausbildungga bo’lgan qiziqishini inobatga olgan holda, keyingi postlarda Ausbildung orqali egallanishi mumkin bo’lgan kasblar haqida bitta bitta to’xtalib o’tmoqchimiz. Birinchi postimiz Germaniyada Mechatroniker bo’lib Ausbildung qilmoqchi bo’lganlar uchun. Keyingi postlarimizda boshqa kasblar haqida ham ma’lumot beramiz.

-Mechatroniker o’zi kim? Uni ishi nimalardan iborat?

-“Mechatroniker“ so’zi “Mechaniker“ (mexanik) va “Elektriker“ (elektrik) so’zlari birlashmasidan kelib chiqqan, chunki Mechatroniklar ham mexanika ham elektrotexnikaga oid bilimlarga ega bo’lishi lozim.


Mechatronikerlar asosan ishlab chiqarish sohasida ishlashadi. Hozirgi kunda har qanday ishlab chiqarish sohasini, xoh elektr avtomobil ishlab chiqarish bo’lsin, xoh kichkina gadjetlar, xoh oddiy non ishlab chiqarish sohasini ham turli robotlar va mashinalarsiz tasavvur qilish qiyin. O’sha robotlar va mashinalarni ish jarayonida doimiy nazorat qilish, ishdan chiqsa uni tuzatish, ayrim qisimlarini vaqt o’tishi bilan yangisiga almashtirish bilan aynan Mechatronikerlar shug’ullanadi. Undan tashqari ular o’sha texnik jihozlarning Software va Hardwaresiga ham ma’sul hisoblanadi.

Bundan tashqari, bu soha juda keng bo’lgani uchun, Kfz-Mechatroniker (avtomobillar holatini tekshirish, ta’mirlash, avto qisimlarni almashtirish, qo’shimcha jihozlar qo’yish kabi ishlar bilan shug’ullanadi. O’zimizdagi avtoservisdagu ustaga o’xshab), Mechatroniker für Kältetechnik kabi alohida maxsus Ausbildunglar ham bor.

-Mechatroniker bo’lib Ausbildungni tugatgan odam qayerlarda ishlashi mumkin?

-Juda ko’p joylarda. Germaniyada ko’p narsa mexanizatsiyalashtirilganini hisobga olsak, mechatronikerlar uchun har yerda har doim ish topiladi. Adidas, BMW, Volkswagen, Coca Cola kabi mashxur firmalarga ham oddiy oziq ovqat ishlab chiqaruvchi firmalarga ham mechatronikerlar kerak. Aynan qayerda ishlashingiz Ausbildung qilgan joyingizga bog’liq. Misol uchun, avtomobil ishlab chiqaruvchi firmada Ausbildung qilganmisiz, unda Ausbildungdan keyin ham o’shanday joyda ishlashiz maqsadga muvofiq. Non ishlab chiqaruvchi joyda Ausbildung qilsangiz, o’shanday joyda ishlash ma’qul. Chunki, non ishlab chiqaruvchi apparat bilan avtomobil ishlab chiqarishda ishlatiladigan apparat va robotlarni farqi ancha katta.

-Mechatroniklikka Ausbildung nechchi yil davom etadi va Ausbildung davomida nimalarni o’rganaman?

-Ausbildung 3,5 yil davom etadi. Tanlagan yo’nalishingizga qarab o’rganadigan bilimlaringiz ham farqlanadi. Odatda haftasifa 3 kun firmada amaliy bilimlarni o’rganasiz hamda 2 kun Berufschuleda nazariy bilimlarni egallaysiz. Elektrische Energie, Montage, Steuerungstechnik kabi mavzular Ausbildung asosini tashkil qiladi. Firmaga borgan kunlaringizda esa turli mashinalar, robotlar, texnik qurilmalarning ishlash jarayoni bilan tanishasiz. Ularning ishlash sifatini tekshirish, standartga javob bermasa ta’mirlash, buzilgan qismini almashtirish kabi ishlarni o’rganasiz.

-Mechatronik bo’lish uchun mendan nimalar talab qilinadi?

-Eng avvalo, Germaniyada Ausbildung qilish uchun nemis tili talab qilinadi. Aniq qaysi daraja kerakligi haqida umumiy qoida yo’q, firmani o’zi hal qiladi buni. Garchi elchixona uchub B1 yetarli bo’lsa ham, lekin eng kami B2 darajaga ega bo’lishni tavsiya qilgan bo’lardim. Bundan tashqari, eng kamida maktab shahodatnomasiga ega bo’lishingiz va matematika, fizika, ingliz tili, informatikadan yaxshi baholar olgan bo’lishingiz kerak.

Undan tashqari sizdan tabiiy fanlarga, texnik jihozlarga qiziqishingiz bo’lishi talab etiladi. IT dan boshlang’ich bilimlarga ega bo’lish ham Ausbildung uchun joy topishingizga katta ko’mak bo’ladi.

-Ausbildung davomida va Ausbildungdan keyin qancha maosh olishim mumkin?

-Ausbildung davomida o’rtacha 1-yil 1000€, ikkinchi yil 1100€, 3-yil 1150€ va to’rtinchi yil 1200€ atrofida topish mumkin. Ausbildungni tugatib, ishni 2300€ atrofidagi oylik bilan boshlaysiz. Vaqt o’tib tajriba to’plaganingizdan keyin oylik ham o’z o’zidan ko’payadi. Germaniyada mechatronikerlarning o’rtacha oyligi 4000€ (brutto).


-Mechatroniker bo’lishga qiziqib qoldim. Qanday qilib Ausbildung uchun joy topish mumkin?

-Ausbildung uchun joyni Ausbildung de, azubiyo de yoki azubi de kabi saytlardan topish mumkin. U yerda turli firmalarning e’lonlari bo’ladi. Siz ularga kerakli hujjatlarni yuborasiz (odatda shahodatnoma yoki diplom + CV + nemis va ingliz tilidan sertifikat + motivationsschreiben). Firma sizni hujjatlaringizni ko’rib chiqib, ma’qul kelsangiz intervyugayuga chaqiradi.

Intervyuda asosan nima uchun aynan shu kasbni tanlaganiz, nimaga aynan shu firmada Ausbildung qilmoqchi ekanligiz, qiziqishlaringiz haqida so’raladi. Bundan tashqari Ausbildungdagi mavzularni muvaffaqqiyatli o’zlashtira olishingizga ishonch hosil qilishlari uchun, matematika, fizikaga oid savol berishlari, yoki biror qurilmani qanday ishlashini so’rab qolishlari ham mumkin. (Masalan, oddiy sovutgich qanday ishlashi haqida).

Intervyudan ham o’tib olsangiz Ausbildung shartnomasi taklif qilinadi.

-Ausbildung qaysi oyda boshlanadi?

-Odatda 1-avgust yoki 1-sentabr.

-O’zbekistondan turib ham viza olsa bo’ladimi? Kontoga pul qo’yish shartmasmi?

-Albatta olsa bo’ladi va kontoga pul qo’yish shart emas. (Faqat oylik 939€ dan kam bo’lmasligi kerak).

Post Muallifi : Abu Umar

P.S Ushbu maqola 2021-yilda yozilgan.

Kommentar verfassen

Deine E-Mail-Adresse wird nicht veröffentlicht. Erforderliche Felder sind mit * markiert

Nach oben scrollen