Assalomu alaykum hurmatli guruh a’zolari. Germaniyada yashayotgan bir nechta vatandoshlarimiz bilan birgalikda yangi loyiha boshladik. Loyihadan maqsad Germaniyaga kelmoqchi bo’lgan yurtdoshlarimizga foydali va qiziqarli ma’lumotlar berib borish va ularda Germaniyaga kelib, o’qishi hamda ishlashi uchun motivatsiya uyg’otish. Loyihamiz intervyu shaklida bo’lib, loyiha davomida Germaniyada turli sohalarda faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimizdan faoliyati, Germaniyaga qanday qilib kelgani, nima uchun aynan Germaniyani tanlagani, hozirgi ish sharoitlari, turli qiyinchiliklar va boshqa mavzularda ma’lumotlar olamiz. Loyihamizning birinchi mehmoni Bavariya viloyatining Bayrut shahrida joylashgan Klinikada Vrach bo’lib ishlayotgan hamyurtimiz Shuhrat Bobosharipov.
-Assalomu Alaykum Shuhrat aka, qimmatli vaqtingizni ajratib, intervyuga rozi bo’lganingiz uchun tashakkur. Avvalo o’zingiz haqida aytib bersangiz. Qayerda tug’ilgansiz? Tibbiyot sohasini qayerda o’qigansiz?
-Vaalaykum assalom, taklif uchun rahmat. Men 1984-yili Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tug’ilganman. 11 yillik umumiy ta’limdan so’ng, 2004-yili Toshkent tibbiyot akademiyasiga o’qishga kirganman. (Aynan shu yili ToshMI 1 va ToshMI 2 birlashib, Toshkent tibbiyot akademiyasi nomini olgan). 7 yillik bakalavrdan so’ng, 2011-yil Urologiya sohasida magistratura o’qish uchun hujjat topshirdim. Afsuski testda 219 ball bilan 9-o’rinni egallab, o’qishga kira olmadim, chunki Urologiya sohasiga faqat 6 kishini qabul qilardi. Shundan so’ng Olmazor tuman tez tibbiy yordam xizmatiga ishga kirdim. Ish davomida shuni angladimki, xirurgiya/urologiya sohasida yaxshi karyera qilish uchun katta lavozimdagi tanish-bilish talab etilar ekan. Shundan so’ng, Nevrologiya sohasida o’qishni davom ettirishga qaror qildim. O’zbekistonda shu sohada kasalliklar ko’p uchrar ekan. 2012-yili Nevrologiya sohasida Magistraturaga o’qishga kirib, 2015-yilda bitirdim. O’qish davomida ham Tez tibbiy yordam xizmatida ishlashni davom ettirdim.
-Nima uchun Germaniyada ishlashga qaror qilgansiz?
-Magistratura o’qish davomida ToshMIga ishga kirishga xarakat qildim, ammo Toshkentda doimiy yashash ruhsatnomam (propiska) yo’qligi uchun ishga olishmadi. Keyin, 7-klinik shifoxona, 16-klinik shifoxonalarga ham ish izlab bordim, ammo hech qaysisi kunduzgi vaqtga ishga qabul qilmadi. Tungi vaqtda ishlashni xoxlamadim, shundan so’ng Germaniyada ishlashga qaror qildim. U yerda ishlayotgan kursdoshlarim va boshqa hamyurtlarimiz bilan bog’lanib, Germaniyaga kelish yo’llarini qidirdim. Qisqasini aytsam, 10 yil kontrakt to’lab o’qiganimga qaramasdan, doimiy ish joyi topa olmaganim uchun boshqa davlatga ketishga qaror qilganman.
-Germaniyaga kelish jarayoni qanday bo’lgan?
-Germaniyaga kelish oson bo’lmagan albatta. 2016-yil iyun oyidan boshlab Gyo’teda nemis tili o’rganganman, ishim borligi tufayli nemis tili o’rganishim qiyin bo’lgan. Lekin sabr qilib Gyo’teda B1.2 sertifikatini oldim. Dastlab til kursiga kelishga harakat qildim, ammo elchixonadan rad javobini olgandan so’ng, FSJ yoki BFD (bu Germaniyada bir yillik volontyorlik qilish dasturi, xuddi FSJ kabi) orqali kelishga qaror qildim. Ancha joyga hujjat topshirganimdan so’ng, 2018-yil 15-iyunda Germaniyaning Sachsen-Anhalt viloyatidagi klinikalardan biriga BFD dasturi orqali keldim. O’sha yerda 1,5 yil BFD qildim.
-Kelguningizcha va kelgandan keyin qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
-Kelgunimcha asosiy qiyinchilik dokument tayyorlash jarayonida bo’lgan, elchixonaning o’zbek hodimlari aslida keraksiz bo’lgan hujjatlarni ham talab qilgan ammo Konsul bilan suhbatda konsul menga u hujjatlarning keragi yo’qligini aytgan. Germaniyaga keganimizdan so’ng asosiy qiyinchilik nemis tilida bo’lgan ammo keyinchalik hammasi o’z o’rniga tushgan.
-Endi Germaniyadagi faoliyatingiz haqida gaplashsak. Hozirda Germaniyadagi klinikalarning birida ishlar ekansiz. Qaysi lavozimda ishlaysiz? Ishga qanday qilib kirgansiz, shu haqida gapirib bersangiz.
-Hozirda Bavariyaning Bayrut shahri klinikasida Assistentarzt bo’lib faoliyat yuritaman. Ishga Vermittlungsagentur (ishga kirishingizga ko’maklashuvchi agentlik, hujjatlaringizni tayyorlab, o’ziz xoxlagan klinikada o’ziz xoxlagan yo’nalishda (Nevrologiya, Kardiologiya,T ravmotologiya va hkz) ish topishingizgayordam beradi) orqali topganman. Aslida o’zingiz topsangiz ham bo’ladi ammo men o’zimga yoqqan yo’nalishda ish topa olmaganman, shuning uchun Vermittlungsagenturdan yordam olganman.
-O’zbekistonda tibbiyot sohasida 6 yoki 7 yillik bakalavrni tamomlaganlar Germaniyada qo’shimcha kurslarda o’qimasdan vrach lavozimida ishlasa bo’ladimi?
-7 yil bakalavr o’qiganlar nemis tilini B2 darajada o’rganib, undan keyin Fachsprachprüfung (nemis tilidan tibbiyot sohasiga oid imtihon, nemis bemor yoki nemis doktor bilan tibbiyot haqida nemis tilida gaplasha olishingizni tekshirib beradi) topshirib, Berufserlaubnis (Germaniyada vaqtinchalik tibbiyot sohasida ishlash uchun litsenziya) olib, bu yerda Assistentarzt bo’lib ishlashi mumkin. Berufserlaubnis 2 yilga beriladi, shu ikki yil ichida Approbation ( doimiy litsenziya) olish kerak. Agar 2 yil davomida ololmasa, Berufserlaubnisni yana 1 yilga cho’zish mumkin. Shunda ham Approbation ololmasa, Chefarzt „Shu vrach menga kerak“ deb xat yozib bersa, yana qo’shimcha 1 yilga Berufserlaubnis beriladi. 6 yillik ta’lim hozircha bunday imkoniyatni bermaydi, ammo Bonn shahridagi Anerkennungstelle (chet el oliygohlarining diplomlari Germaniyada olingan diplomlar bilan teng yoki teng emasligini tekshiruvchii tashkilot)bu borada tekshiruv olib bormoqda, tekshiruv tugaganidan so’ng ularga ham Berufserlaubnis bilan ishlash imkoniyati berilishi mumkin.
-Germaniyada va O’zbekistonda vrach bo’lishning asosiy farqi nimada?
-Farqlari juda ham ko’p. Asosiy farqi tenglikda, bu yerda ish davomida Bosh vrach bilan ham, bo’lim mudiri bo’lib ishlayotgan vrach bilan ham do’stona gaplashamiz. Uni fikrini xato deb hisoblasak, unga buni aytamiz, juda ko’p tajriba va bilimga ega bo’lishidan qat’iy nazar, fikrimizni to’g’ri tushunadi, kitobini ochib, kerakli ma’lumotni topadi. Ammo O’zbekistonda bunday emas, Bosh vrachdan hamma qo’rqadi, iloji bo’lsa unga ko’rinmaslikka harakat qiladi. Bu yerda esa muhit umuman boshqacha, samimiy. Yana bir farqi bu diagnostika uchun mo’ljallangan asbob-uskunalar va texnikada, Germaniyada har qanday analizni (qon analizi, MRT, CT, laboratoriya, rak analizi va hkz) hech qanday qiyinchiliksiz olishingiz mumkin, O’zbekistonda esa har doim ham bunday imkoniyat mavjud emas.
-Klinikadagi nemis vrachlar va ishchilar bilan munosabatingiz qanaqa? Nemis bo’lmaganingiz uchun hurmatsizlikka yoki ishonchsizlikka uchraganmisiz?
-Munosabatlar yaxshi, bir birimizni hurmat qilamiz. Nemis tilida biron narsani tushunmay qolsak, to’g’ri tushuntirishadi, yordam beradi. „Hali yangisan, men ham O’zbekistonda bo’lganimda o’zbek tilini qisqa muddatda o’rganolmasdim“ deb yordam kerak bo’lsa yordam beradi. Bavariyada hammasi yaxshi, ammo Sachsendagi klinikada hamshiralar O’zbekistonni qoloq davlat deb o’ylab, ‚‚O’zbekistonda televizor bormi?“, „Samsung, Iphone bormi?“ kabi savollar berardi. Shu savollar biroz noqulaylik tug’dirgan
-Sir bo’lmasa oyligingiz qancha ekanligini ayta olasizmi? Oyligingiz sizni qoniqtiradimi?
-Oyligim deyarli 5000 yevro brutto. Ha, albatta qoniqtiradi.
-Haftasiga necha soat ishlashingiz kerak? Ish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?
-Haftasiga 5 kun, ertalab 8 dan 16 30 gacha ish, tushlik vaqtida 30 daqiqa tanaffus qilamiz. Men ishlayotgan joydagi ko’pchilik nemislar o’z shevasida gapiradi, bu esa biz o’rgangan nemis tilidan farq qiladi. Shu menga biroz qiyinchilik tug’diradi. Yana ba’zi tibbiy atamalar va dorilarning nomlari ham.
-Kelajakda qanday rejalarni amalga oshirmoqchisiz? O’zbekistonga qaytish niyatingiz bormi?
-Germaniyada approbation(tibbiyot sohasida doimiy ishlash uchun litsensiya) olib, Weiterbildung (umumiy tibbiyotdan so’ng, biron sohaning mutaxassisi bo’lish jarayoni, LOR,Kardiolog,Nevrolog kabi) qilib, Facharzt bo’lmoqchiman. Keyin O’zbekistonga borib, xususiy klinika ochish niyatim bor.
-Siz kabi Germaniyada vrach bo’lib ishlamoqchi bo’lgan yurtdoshlarimizga qanday maslahatlar berasiz?
-Nemis tilini o’rganing. 2020-yil 1-martdan boshlab nemis tilini B2 darajada bilgan Doktorlar 6 oyga Germaniyaga ish qidirishga kelishi mumkin. Shu vaqt davomida hujjatlarini Arztekämmerga (Vrachlarga litsenziya beruvchi tashkilot) yuborib, Fachsprachprüfung topshirib, ish topib, bemalol ishga kirishi mumkin. Agar hali B2 sertifikati bo’lasa, BFD yoki FSJ dasturlariga kelib, klinika,pflegeheimlarda ishlab, tilni o’rganib, keyinchalik vrach bo’lish uchun harakat qilsa ham bo’ladi. Bu yerda vrach bo’lib ishlash davomida juda ham ko’p narsalarni o’rgansa bo’ladi, harakat qilib kelishga arzidi.
-Yurtdoshlarimizga yana qanday fikrlarni aytmoqchisiz?
-Facebook, Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda o’zbek vrachlariga nisbatan tanqidlar juda ham ko’p bo’ladi. Guruch ko’rmaksiz bo’lmaydi deganlaridek har bir sohada yomon kadrlar bor, lekin umumiy holatda, fikrimcha, o’zbek vrachlarining ko’pi saviyali va bilimli. O’sha ko’p tanqid qilinadigon vrachlarimiz Germaniya, Aqsh, Rossiya, Quvayt, Koreya, Yaponiya kabi davlatlarda yaxshi faoliyat olib bormoqda. Bizda yomon kadrlar paydo bo’lishining asosiy sababi korrupsiya va tanish bilishchilik. Bundan tashqari bizda ko’p doktorlarning o’z ustida ishlashi qiyin, arzimagan oylikka oila boqish kerak, uyni ijarasi, kommunal to’lovlardan orttirib chet elga malaka oshirish tugul, kitob olishga ham pul topishi qiyin. Oddiy o’zimdan misol qiladigon bo’lsam, Germaniyaga kelishdan oldin 2 ta joyda ishlardim, ikkalasini oyligi 1,5 mln so’m bo’lardi, bu pulning yarmidan ko’pi ijara uchun ketardi. Undan tashqari yana qancha xarajatlar bor, arzimagan oylikka 3-4 ta joyda ishlayotgan vrachlarda malaka oshirishga vaqt bo’lmasligi tabiiy. Shu holatga qaramasdan vrachlarimiz qo’lidan kelgancha bemorlarni davolayabdi. Afsuski, vrachlarni „poraxo’r„, „mol doktor“ kabilaqablar bilan chaqirish kamlik qilganidek, so’ngi kunlarda ulargaqo’l ko’taradigon yurtdoshlarimiz ham ko’paymoqda. Qisqa qilib aytsak, shifokorlarimizning qadri kundan kunga tushib ketmoqda. Natijada, ko’plab hamkasblarim tibbiyot hodimlari qadrlanadigon davlatlarga ketgan yoki ketish arafasida, Germaniyaning o’zida 100 lab doktorlarimiz bor. Xullas, bir birimizni qadrlashimiz, hurmat qilishimiz zarur deb hisoblayman. Yuqori lavozimdagi odamlarni deb, shundog’am kam oylik oladigon, oilasini zorg’a boqayotgan vrachlarimizga nisbatan hurmatsizlik qilmaylik.
-Afsuski, fikrlaringiz tog’ri. Hammamizga insof bersin. Sizga intervyu uchun katta rahmat. Kelajakdagi ishlaringizga muvaffaqqiyat va zafarlar tilab qolamiz.
P.S. Loyiha haqidagi fikrlaringizni komentga yozing. Qanday kamchiliklar bor? Keyingi intervyu qaysi soha vakili bilan bo’lishini xoxlaysiz? Agar yuqoridagi intervyudan kimdir o’ziga foydali ma’lumot olgan bo’lsa xursandmiz. Sog‘ bo’ling, e’tiboringiz uchun rahmat. P.S. 2-iyunda O’zbekistonlik yurtdoshimiz 6 yillik bakalavr diplomi bilan Germaniyada Vrach lavozimida ishlash huquqini qo’lga kiritibdi. Demak, 6 yillik diplom bilan ham muammo yo’q.
Savollar muallifi : Abu Umar