Ushbu post orqali qandayy qilib oila a’zolaringizni Germaniyaga olib kelish haqida ma’lumotlar olishingiz mumkin
#Oila_Birlashtirish
Assalomu alaykum hurmatli kanal a’zolari. So’rovnomamizda oila birlashtirish haqidagi ma’lumotlarni matn ko’rinishida yetkazib berishimizni xohlaganlar ko’pchilikni tashkil qilibdi. Shu sababdan, ushbu ma’lumotlarni qo’ldan kelgancha maqola ko’rinishida yetkazib berishga harakat qilaman. Yozganlarimni kimgadir foydasi tegadi degan umiddaman.
Oila birlashtirish mavzusi haqida ko’p ma’lumotlarni yozish mumkin. Misol uchun, „Allaqachon turmush qurganlar uchun, oilasini Germaniyaga olib kelish“, „Turmush qurmagan, allaqachon Germaniyada yashayotganlar uchun Germaniyada yoki boshqa Yevropa davlatida nikohdan o’tish“, „Elternzeit, Elterngeld, Kinderzuschlag va shunga o’xshash moliyaviy yordamlar“ va hkz.
Bugungi birinchi postda sizlarga Germaniyada yashayotgan inson qanday qilib turmush o’rtog’ini oila birlashtirish vizasi bilan olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot bermoqchiman.
Aslini olganda oila birlashtirish vizasini olish juda oson. Bu gapni o’zimning va shu viza bilan oilasini olib kelgan ko’plab tanishlarimning tajribasiga asoslanib aytyabman. Viza talablarini bajarish, hujjatlarni sabr va qanoat bilan tayyorlash kifoya.
O’qish va tushunish oson bo’lishi uchun, ushbu maqolani uch qismga bo’lib yozmoqchiman. Birinchi qismda, oila birlashtirish vizasi uchun Germaniyadagi va O’zbekistondagi oila a’zolardan nimalar talab qilinishi haqida gaplashamiz. Ikkinchi qismda jarayon qanday kechishi, uchinchi qismida esa shu mavzuga tegishli turli kerakli va foydali ma’lumotlarni aytib o’tmoqchiman.
1️⃣. a) Oila birlashtirish vizasi olish uchun Germaniyadagi turmush o’rtoqqa qanday talablar qo’yilgan?
–Talabalik(bakalavr, magistratura), Ausbildung, oddiy ishchi (Fachkraft) vizalardan biriga ega bo’lishi hamda qo’shimcha ravishda Germaniyada 2 yil yashagan bo’lishi yoki Germaniyaga kelishdan oldin turmush qurgan bo’lishi kerak. (Deylik, Ausbildungning birinchi yilida O’zbekistonga borib uylanib, turmush o’rtog’ini olib kelolmaydi (Agar oldin Germaniyada yashamagan bo’lsa). Chunki na hali Germaniyada 2 yil yashagan bo’ladi, na Germaniyaga kelishdan oldin turmush qurgan bo’ladi. Lekin Germaniyaga kelishidan oldin nikohdan o’tgan bo’lsa, u holda bemalol olib kelsa bo’ladi, talaba bo’lsa ham, Azubi bo’lsa ham. Germaniyada qancha yashagani bu holatda ahamiyatsiz, faqat vizasi yana kamida 1 yilga amal qilishi lozim)
-Niederlassungserlaubnis, Blaue Karte, ilmiy izlanish (Forschung) vizalariga ega bo’lishi. (Bu holatda hech qanday qo’shimcha talablar yo’q, Germaniyaga kelganiga 1 hafta bo’lgan bo’lsa ham, turmush qurganiga bir yil bo’lmagan bo’lsa ham, bemalol turmush o’rtog’ini obkelaveradi)
-Au Pair, FSJ, BFD, Hospitation uchun berilgan vizalar bilan turmush o’rtoqni olib kelishning ilojisi yo’q.
-18 yoshga to’lgan bo’lishi
-O’zi va oilasi uchun yetarli uy joyi bo’lishi (Wohnfläche, Bundeslandga qarab farq qiladi. Misol uchun, NRW da kishi boshiga 12m^2, Berlinda 9m^2)
-Eng asosiysi, o’zi va oilasi uchun yetarli oylik daromadi bo’lishi lozim. (Yetarli oylik daromad necha pul ekanligi shaharga va kvartiraning narxiga bog’liq, deylik men yashayotgan kvartira 500€. Bundan tashqari har bir odam uchun 400€ (2020-yildagi holat) dan daromadim bo’lishi kerak. Ya’ni umumiy hisobda 1300€ oylik bo’lsa, turmush o’rtog’imni olib kelishim mumkin. Agar kvartira narxi 1000€ bo’lganida, 1800€ oylik olishim kerak bo’lardi. Siz yashayotgan shaharda kishi boshiga 400€ emas, 450€ talab qilinishi ham mumkin. Lekin tafovut baribir unaqa katta emas. Agar oyligingiz yetmasa, yetmagan qismini 12 oyga Sperrkontoga qo’ysangiz bo’ladi. Misol uchun, kvartira narxi 600€, ikki kishiga qo’shimcha 800€. Umumiy 1400€ kerak. Sizning oyligingiz esa bor yog’i 1200€. Bu holatda yetmayotgan 200€ ni 12 oyga ko’paytirib, 2400€ ni Sperrkontoga qo’yib, viza ovolish mumkin. O’zim va 2 ta tanishim shunday qilgan. Ba’zida oylik ozgina yetmay qolsa ham, Auslanderbehörde ko’z yumishi mumkin. Shunga, „oylik yetib qolarmikin“ deb xavotir olib o’tirmasdan, vizaga harakat qilish kerak.
b) O’zbekistonda yashayotgan turmush o’rtoqdan nimalar talab etiladi?
-Nemis tilini eng kamida A1 darajada bilish (faqat Goethe va Telc ning A1 sertifikati qabul qilinadi,undan tashqari B2 darajadagi Testdaf, yoki A2 darajadagi ECL sertifikatlar ham o’tadi)
-Agar Germaniyada yashayotgan turmush o’rtoq Blaue Karte (misol uchun, vrach bo’lib ishlayotgan hammaga Blaue karte beriladi) yoki ilmiy izlanish(Forschung) vizasiga ega bo’lsa, O’zbekistondagi turmush o’rtoqdan nemis tilini bilish umuman talab qilinmaydi ya’ni nemis tilini o’rganmasdan bemalol viza olsa bo’ladi.
-Agar turmush o’rtoqda ruhiy yoki jismoniy ojizlik bo’lsa ham, undan nemis tilini bilish talab etilmaydi.
-Bulardan tashqari, O’zbekistondagi inson ham 18 yoshga to’lgan bo’lishi shart.
Yuqoridagilar umumiy qoidalar. Ba’zi hollarda (zur Vermeidung einer besonderen Härte) ushbu talablarni bajarmaganlarga ham viza berilishi mumkin. Bu degani, siz ushbu talablarni bajarsangiz, bemalol viza olishingiz mumkin. Bajarmasangiz ham, urinib ko’rsangiz bo’ladi albatta.
2️⃣. „Juda oson ekanku, jarayonni qanday boshlayman“ deb o’ylanyabsizmi? Jarayon ham juda oson:
1) Eng avvalo elchixonadan oila birlashtirish vizasi uchun Termin olasizlar. (Qizil passportga olish shart)
2) Termin kunigacha Germaniyada yashaydigan turmush o’rtoq o’zi va turmush o’rtog’i yashashi uchun kvartira topib qo’ygani yaxshi (keyinroq topsa ham bo’ladi aslida, lekin maslahatim, termin kunigacha topib qo’ying.)
3) Termin kuni quyidagi hujjatlar bilan elchixonaga kirish kerak : 2 nusxada to’ldirilgan Ariza (Antrag), 3 dona 3,5 x 4,5 biometrik rasm (foni oq bo’lsin, 2 tasini arizaga yopishtirib qo’yasiz), original passport, Germaniyada yashayotgan turmush o’rtoqning passport va aufenthaltskarte nusxasi, ikkala turmush o’rtoqning pasportidagi kirdi-chiqdi pechatlaridan nusxa, Meldebescheinigung, Nikoh guvohnomasi (nemis tiliga tarjimasi bilan), nemis tilidan sertifikat, agar farzandlar bo’lsa, ularning tug’ilganlik haqidagi guvohnomasi (nemis tiliga tarjimasi bilan). Bulardan tashqari hech qanday hujjat majburiy emas. Qo’shimcha ravishda Germaniyadagi turmush o’rtoqning oyliklari (Lohnabrechnung, oxirgi 3 oylik) va Mietvertragni bersangiz ham bo’ladi. Lekin shartmas. Agar oliy ma’lumotli bo’lsangiz, unda Diplomni va ilovasini ham nemis tiliga tarjima qilib topshiring). Hamma hujjatlarni 2 nusxada qilib oling.
4) Elchixona hujjatlarni qabul qilgandan so’ng, Germaniyadagi turmush o’rtoq yashayotgan shahardagi Ausländerbehördega yuboradi.
5) Ausländerbehörde hujjatlarni ko’rib chiqib, Germondagi turmush o’rtoq bilan aloqaga chiqadi (xat orqali yoki email, yoki telefon) hamda kerakli hujjatlarni so’raydi (3 oylik Lohnabrechnung, Mietvertrag (bu paytda kvartira topgan bo’lishiz kerak), agar Student bo’lsa Studienbescheinigung)
6) Ausländerbehörde kvartira narxlarini hamda ikki kishi yashashi uchun qancha pul ketishini hisoblaydi. (Yuqorida aytib o’tdim, ba’zi shaharlarda kishi boshiga 400€, ba’zilarida 450€ va hkz). Agar oylik daromadlar yetmasa, u holda Sperrkonto ochishni so’raydi. (Lohnabrechnunglarni jo’natyotganda „Oylik yetmasa, Sperrkontoga pul qo’yaman“ deb xabar berib qo’yganiz yaxshi.)
7) Agar Ausländerbehörde nikohga ishonmasa, O’zbekistondagi elchixona orqali nikoh guvohnomasini tekshirib berishini so’raydi. Bu holatda elchixona viza hujjat topshirgan shaxsga telefon qilib, uch millioncha so’m olib kelishini so’raydi. Jarayon taxmiman 2-3 oy bo’ladi. Oxirida ortib qolgan summani qaytarib beradi, tanishlar 2 millioncha qaytarib olgan. (Urkundenüberprüfung, bu holat kamdan kam sodir bo’ladi. Asosan Germaniyada yurgan vaqtida Uzbga borib, sovchilar orqali, bir birini tanimasdan turmush qurganlarda bo’lganini ko’rganman. Yangi turmush qurganlardan suhbatda elchixona hodimi juda shaxsiy savollar so’raydi (qachondan beri tanishsan, qanaqa qilib gaplashib turasan, qanday tanishgansan, hayotda ko’rishganmisan va hkz)
8) Elchixona Urkundeüberprüfungni natijasini Ausländerbehördega aytadi va Ausländerbehörde viza bo’yicha qaror qabul qiladi.
9) Elchixona telefon qilib, viza chiqqanini aytadi va sug’urta olib kelishni so’raydi. Eng osoni, Mawista yoki Care Conceptdan 6 oylik privat Krankenversicherung olib borib berish. U sug’urtani Germaniyada kündigen qilib, pulini qaytarib olish mumkin. Keyin gesetzlichga o’tib olaveradi.
3️⃣. Viza olindi va Germaniyaga kelindi. Endi nima qilish kerak?
-Avvalo, Meldebehördega borib, turmush o’rtog’ingizni anmelden qildirib qo’ying
-Anmeldungdan keyin, ikkalanglar ham Steuerklasse 4 ga o’tasizlar. Agar xohlasangiz, Steuerklass 3 ga o’tib, kamroq Lohnsteuer to’lashiz mumkin. Steuerklasse 4 da qolsangiz ham, yil tugagandan so’ng, Steuererklärung qilib, to’lagan soliqlaringizning ko’p qismini qaytarib olishingiz mumkin.
-Oila birlashtirish vizasi bilan kelgan turmush o’rtoq Germaniyada xohlagancha ishlashi mumkin. Xohlasa vollzeit, xohlasa teilzeit, xohlasa o’zi firma ochvoladi.
-Turmush o’rtoqqa alohida Krankenversicherung olish shartmas. O’zingiz gesetzlichda bo’lsangiz, turmush o’rtoqni ham tekinga familienversichert qilishiz mumkin.
-Sizning vizangiz necha yillik bo’lsa, turmush o’rtog’ingizga ham shu muddatga viza beriladi.
-Studentlarning viza muddati bir yildan kam qolganida, turmush o’rtoqlariga viza berilmaganiga guvoh bo’ldim. Shunga, avval o’zingizning vizangizni cho’zdirib, keyin turmush ortog’ingizni chaqirsangiz, ishingiz osonroq bo’ladi.
-Hujjatlar to’liq bo’lsa, Termin kunidan viza chiqqunicha o’rtacha 7-10 hafta vaqt ketadi. (Urkundenüberprüfung bo’lsa, yana qo’shimcha 2-3 oy)
-Oldindan Ausländerbehörde bilan bog’lanib o’tirmasdan, jarayonni boshlaganiz ma’qul. Ular norasmiy savollarga sidqidildan, qonuniy javob berib o’tirmaydi.
-Ikkala turmush o’rtoq ham O’zbekistonda bo’la turib, birgalikda Germaniyaga kelishi ham mumkin. Faqat bu holatda turmush o’rtoqdan bittasi Blaue kartega yoki Forschung uchun vizaga hujjat topshirishi kerak. Shunda ikkinchi turmush o’rtoq ham oila birlashtirishga topshirib, ikkalasi bir vaqtda vizani olib kelaveradi. Kvartirani so’rab o’tirishmidi. Yoki ikkalasi alohida alohida vizaga topshiradi (deylik, ikkalasi ham talaba yoki ikkalasi ham Ausbildung qiladi, ikkalasi BFD, bittasi boshqa dastur, bittasi boshqa dastur va hkz
Savollar yoki e’tirozlarni bemalol kommentga yozishinglar mumkin.
Hozircha shular. Kimgadir foydasi tegsa xursand bo’laman. E’tiboringiz uchun tashakkur.
Muallifni va sayt xarajatlarini (Hosting, Domain) qo’llab quvvatlash : https://tirikchilik.uz/uzdeutschland
Post Muallifi : Abu Umar
Telegramdagi @uzDeutschland kanali uchun maxsus!
Биродар, катта рахмат сизга. Жуда киска ва лунда тушунтирибсиз. Аллох рози булсин. Албатта купчиликка фойдаси тегади Худо хохласа.
Assalomu alaykum yaxshimisizlar,savolim mavzudan sal tashqariroq edi!
Men Özim Ausbildendeman otamni yoki onamni shengen vizasi bilan bu yerga mehmonga taklif qilolamanmi, men tomondan talablar qanaqa(ma‘lumot sifatida Einkommenim 1200€ netto)
Javoblar uchun rahmat
Vaalaykum assalom, Germaniyaga mehmonga chaqirish haqida post yozganmiz. Shuni o’qib, savolingizga javob topishingiz mumkin!
Assalomu alaykum, katta rahmat batafsil va tushunarli ma’lumotlariz uchun! Albatta köpchilikka foydasi tegishi aniq. Alloh rozi bölsin!🤲🤲🤲