#Moliyaviy_Yordamlar
Assalomu alaykum hurmatli kanal obunachilari. Yaqinda sizlardan kanalda qanday mavzular bo’yicha ma’lumotlar berilishini xohlashingizni so’ragandim. Ko’pchilik Germaniyada farzandli oilalarga beriladigan bola puli (Kindergeld) va shunga o’xshash pullar haqida ma’lumot yozilishini so’ragandi. Undan tashqari, Germaniyada yosh o’zbek oilalari kundan kunga ko’payib bormoqda, shuni inobatga olgan holda, bugun shu yosh oilalarga qo’ldan kelgancha foydali ma’lumotlar berishga harakat qilaman.
Bugungi mavzu asosan Germaniyada oilalilarga beriladigan pullar haqida bo’ladi. Agar sizga ushbu mavzu qiziq bo’lsa, unda postni oxirigacha o’qing.
1️⃣. Bundesstiftung Mutter und Kind tomonidan beriladigan bir martalik moliyaviy ko’mak.
Ushbu yordam puli xomilador ayollar uchun mo’ljallangan. Pulni olish yoki olmasligingiz, qancha miqdorda olishingiz mumkinligi sizning oilaviy daromadingizga bog’liq. Germaniyada yashayotgan yosh oilalarning aksari hali ham talaba yoki Ausbildungda ekanini inobatga olsak, ular bemalol ushbu yordam pulini olishlari mumkin. Pulni olish uchun xomilador vaqtingizda o’z shahringizdagi Schwangerschaftsberatungsstellega murojaat qilishingiz mumkin (websaytning pastki qismida Schwangerenberatung degan bo’limni tanleng). Bola tug’ilgandan so’ng ushbu pulni olishni ilojisi yo’q. Tanishlar o’rtacha 900-1100€ atrofida yordam puli olishgan. Bitta farzand uchun faqat bir marta pul olish mumkin.
-Bu pulni olish uchun qaysi viza bilan Germaniyada yashayotganini ahamiyati bormi?
-Yo’q, ushbu pulni talabalar ham, azubilar ham, ishchilar ham bemalol olishlari mumkin. Muhimi Germaniyada qonuniy yashayotgan bo’lishi va milliy vizaga ega bo’lishlari lozim. Turistlarga, Ferienjobga kelganlarga ushbu pul berilmaydi.
2️⃣. Kindergeld. Bu Germaniyada yashayotgan har bir farzand uchun to’lanadigan bola puli, har oyda 250€ miqdorida beriladi. Pulni olish uchun o’z shahringizdagi Familienkassega murojaat qilishingiz mumkin. Bola puli farzand 18 yoshga to’lguncha beriladi, ba’zi holatlarda (Ausbildung, Studium) bola 25 yoshga kirguncha ham Kindergeld olish mumkin. Agar bola O’zbekistonga ketadigan bo’lsa, buni Familienkassega xabar qilishingiz zarur. Chunki bolaning asosiy yashash joyi Germaniyada bo’lmasa, bola puli berilmaydi. Bola hali O’zbekistondan Germaniyaga kelmagan bo’lsa ham, Kindergeld olishni ilojisi yo’q.
-Kindergeld olish uchun vizani ahamiyati bormi?
-Bor. Agar siz Germaniyada Au Pairlik, FSJ/BFD, Ish izlash vizasida yurgan bo’lsangiz, sizda tug’ilgan farzandingiz uchun Kindergeld olish huquqi yo’q. Agar siz talaba bo’lsangiz, unda yoki ishlayotgan bo’lishingiz yoki Elternzeitda bo’lishingiz zarur. Ya’ni agar talaba bo’lib, hech qayerda ishlamasangiz, farzandingiz uchun Kindergeld ololmaysiz. Avvallari ishlaydigan talabalarga ham Kindergeld berilmas edi, 2020-yildan ushbu qoidalarga o’zgartirish kiritilgan. Lekin ba’zi Familienkasselar hali ham ishlayotgan talabalarga ham farzandi tug’ilganida Kindergeld bermayotgan ekan. Agar siz ham Kindergelddan Ablehnung olgan bo’lsangiz, u holda Widerspruch yozib, ularga yangi qoidalarni o’rgatib qo’ying 🙂 Shaxsan o’zimda shunday holat kuzatildi, talabalik vizasi bilan yurganim uchun, Familienkasse avvaliga Kindergeld berishni xohlamadi (Ablehnung), keyin Widerspruch yozib, ularga yangi qoidalarni eslatib qo’ydim. Shundan keyin Kindergeld berishni boshladi.
3️⃣. Elterngeld. Farzand tug’ilgandan keyin olish mumkin bo’lgan pullardan yana biri bu Elterngeld hisoblanadi. Elterngeldning miqdori 300€ va 1800€ orasida, ya’ni siz minimum 300€ yoki maksimum 1800€ Elterngeld olishiz mumkin.
Elterngeld olish uchun siz Elternzeitga chiqqan bo’lishingiz yoki haftasiga 32 soatdan kamroq ishlashingiz lozim. Agar haftasiga 32 soatdan ko’p ishlasangiz, sizga Elterngeld berilmaydi.
Qancha Elterngeld olishingiz sizning bola tug’ilishidan oldingi va bola tug’ilgandan keyingi daromadlaringizga bog’liq. Misol uchun, bir talaba farzandi tug’ilishidan oldin yarim stavka ishlab 1200€ oylik olardi, farzandi tug’ilgandan keyin ishni kamaytirdi va 1000€ olyabdi. Tug’ruqdan oldingi va tug’ruqdan keyingi oylikning farqi 200€, lekin shu holatda ham unga 300€ Elterngeld beriladi. Agar uning oyligi o’zgarmagan taqdirda ham 300€ olishi mumkin. Agar oyligi kamayishni o’rniga ko’paysa ham, 300€ olishi mumkin. Muhimi haftasiga 32 soatdan ko’p ishlamasa bo’ldi.
Endi yana bir misolni olsak, tug’ruqdan oldin to’liq stavkada ishlayotgan akamiz 3500€ brutto (StK III, 2600€ netto) oylik olar edi. Farzandi tug’ilgandan keyin bola bilan ko’proq vaqt o’tkazishni xohladi va yarim stavkada ishlashni reja qildi. Yarim stavka vaqtida esa 2000€ brutto (1600€ netto) oylik ola boshladi. Shu holatda akamizning tug’ruqdan keyingi va tug’ruqdan oldingi daromadining farqi 1000€ bo’ladi. Elterngeldning miqdori o’sha farqning 67% atrofida bo’ladi, ya’ni akamizning holatida 670€. Akamiz 12 oy davomida yarim stavkada ishlab, har oy 670€ Elterngeld olishi mumkin.
Uchinchi misol, vrach bo’lib ishlayotgan hamyurtimiz, farzandli bo’ldi va ishga umuman chiqmaslikka qaroq qildi. Bir yil davomida faqat farzand tarbiyasi bilan shug’illanmoqchi. Ana shu holatda hamyurtimizga 1800€ Elterngeld beriladi, chunki tug’ruqdan oldingi daromad 3000€ bo’lsa, uni 67%i 1800€ dan ko’p. Lekin Elterngeld uchun maksimal chegara 1800€ bo’lgani uchun, vrach hamyurtimiz ko’proq pul ololmaydi.
-Elterngeld necha oy beriladi?
-Elterngeld ota va ona uchun birgalikda 14 oyga beriladi. Ya’ni bu oylarni o’zingiz xohlagandek taqsimlab olishingiz mumkin. Deylik, ota va ona har biri 7 oydan Elterngeld oladi. Yoki ota 2 oy, ona 12 oy. Yoki ota 4 oy, ona 10 oy va hkz. Muhimi, bir kishi maksimum 12 oy Elterngeld olishi mumkin.
-Elterngeld olish uchun Elternzeitga(dekret) chiqish majburiymi?
-Yo’q, lekin haftasiga 32 soatdan ortiq ishlaganlarga Elterngeld berilmaydi.
Yuqorida yozganlarim ElterngeldBasis ga tegishli, undan tashqari ElterngeldPlus varianti ham bor. Bu holatda siz 14 oyni o’rniga 28 oy Elterngeld olishiz mumkin, lekin oladigan pulingiz ham kamayadi. Deylik, 300€ ni o’rniga 150€ olasiz, yoki 1800€ ni o’rniga 900€.
-ElterngeldPlusni qanday foydasi bor?
-ElterngeldPlusni eng katta foydasi bu tug’ruqdan oldin to’liq stavkada, tug’ruqdan keyin yarim stavkada ishlayotganlar uchun. Yuqoridagi yarim stavkada ishlayotgan akamiz 12 oy ElterngeldBasis olsa oyiga 670€ atrofida Elterngeld olishini aytgandim. Aynan o’sha akamiz 24 oy ElterngeldPlus olsa ham 670€ atrofida bo’ladi. Ya’ni akamiz 12 oyni o’rniga 24 oy 670€ dan oladi. Agar o’sha akamiz shu postni o’qimasdan, ElterngeldBasisga hujjat topshirib yuborsa, 8040€ dan (12*670€) quruq qolar edi. Qancha Elterngeld olishingiz mumkinligini shu saytdan hisoblab olsangiz bo’ladi.
-Elterngeld olish uchun farzand necha yosh bo’lishi kerak?
-ElterngeldBasis faqat farzand 14 oyga to’lgunicha beriladi, ElterngeldPlus esa farzand 32 oylik bo’lgunicha. Agar sizning farzandingiz bu yoshdan o’tgan bo’lsa, unda Elterngeld ololmaysiz.
Elterngeldni olayotganda e’tibor berilishi kerak bo’lingan boshqa jihatlari ham mavjud, hammasini bu postda yozish imkonsiz. Shunga Elterngeld olishdan oldin ma’lumotlarni yaxshilab o’qib chiqishni maslahat beraman.
4️⃣. Familiengeld. Bu pul faqat Bayern viloyatida yashovchilar uchun beriladi. Farzandingiz 12 oyga to’lganidan 36 oyga to’lgunicha har oyda 250€ qo’shimcha pul beriladi. Bu pul Kindergelddan alohida to’lanadi. Agar siz Elterngeld olish uchun ariza jo’natgan bo’lsangiz, u holda Familiengeld uchun alohida ariza jo’natish shart emas. Elterngeldga qo’shib, uni ham o’zlari beradi. Agar siz Elterngeldga ariza jo’natmagan bo’lsangiz,u holda ushbu saytdan Familiengeldga ariza topshirishingiz mumkin.
❗️Muhim : Yuqorida yozilgan Kindergeld, Elterngeld, Familiengeld uchun sizning oylik daromadingiz qancha ekanligi ahamiyatsiz. Ya’ni oyiga 1000€ topsangiz ham, 10000€ topsangiz ham ushbu pullarni bemalol olishingiz mumkin. (Elterngeld uchun yillik daromadingiz 300 ming € dan kam bo’lishi kerak).
Bulardan tashqari yillik daromadingizga bog’liq bo’lgan yordam pullari ham mavjud ya’ni ularni olish olmasligingiz, qancha miqdorda olishingiz siz topayotgan pulga va xarajatlaringizga bog’liq. Endi ushbu pullar haqida ma’lumot berib o’tsam :
5️⃣. Kinderzuschlag. Ushbu pul oylik daromadi nisbatan kam bo’lgan oilalar uchun to’lanadigan yordam puli. Pulni olish uchun oilaning oylik daromadi eng kami 900€ bo’lishi talab etiladi. Undan tashqari, oilaning oylik daromadi ma’lum chegaradan oshmasligi kerak. Bu chegara esa oilada necha kishi yashashiga va kvartira narxi qancha ekanligiga bog’liq. Misol uchun, oilada 3 kishi yashaydi, ota-ona va bitta farzand. Kvartiraga esa 700€ Warmmiete to’lashadi. Ana shu holatda oilaning oylik daromadi ~1800€ dan ortiq bo’lmasligi kerak. Kinderzuschlagning maksimal miqdori 250€, oylik daromadga qarab 250€ dan kam bo’lishligi ham mumkin. Kinderzuschlagga hujjatni ham Familienkassega jo’natish lozim.
6️⃣. Wohngeld. Wohngeld ham xuddi Kinderzuschlag kabi oylik daromadi kamroq oilalarni qo’llab quvvatlashga mo’ljallangan. Sizga wohngeld berilishi yoki berilmasligi ham daromadingizga, uyda nechta odam yashashiga va kvartirangizning narxiga bog’liq. Shaharlardagi kvartira narxlari bir-biridan ancha farq qilgani uchun, deylik Münchenda 70kv metr kvartira o’rtacha 1200€ bo’lsa, Mülheimda shu hajmdagi kvartirani o’rtacha 600€ ga olish mumkin. Shuning uchun har bir shaharga Mietenstufe beriladi va Wohngeld ham shunga qarab hisob-kitob qilinadi. Mietenstufe 1 dan 7 gacha bo’ladi, 7-chi Mietenstufe eng qimmat shaharlarga (Misol uchun, München), 1-chi Mietenstufe esa eng arzon shaharlarga (Misol uchun, Coburg) beriladi.
-Wohngeld eng ko’pi qancha miqdori beriladi? Eng ko’pi bilan oyligim qancha bo’lishi mumkin?
-Bu yuqorida aytganimdek Mietstufega, kvartiraning narxiga va kvartirada nechta odam yashashiga bog’liq. Misol uchun, München shahrida yashayotgan 3 kishilik oilaning kvartira narxi 1000€ (Kaltmiete). Faqat ota ishlaydi va oyiga 2600€ Brutto (Kindergeld qo’shilmaydi) oladi deb hisoblasak, bu oila taxminan 450-500€ atrofida Wohngeld olish huquqiga ega. Agar oilaning daromadi 4000€ dan ko’p bo’lsa, u holda Wohngeld berilmaydi. Har bir shahar uchun alohida alohida hisob kitob qilinadi. Deylik, Münchenda yuqoridagi oila 3500€ topgan taqdirda ham Wohngeld olish huquqi bo’lsa, Coburgda xuddi o’sha oila xuddi o’sha kvartira narxi va oylik daromad bilan Wohngeld ololmaydi.
-Wohngeld uchun eng kam oylik daromad (Mindesteinkommen )qancha bo’lishi kerak?
-Wohngeld olish uchun eng kamida qancha daromadingiz bo’lishi kerakligi ham oilada necha kishi yashayotganiga va kvartiraning narxiga bog’liq. Yana yuqoridagi 3 kishilik oyiga 1000€ Kaltmiete (1300€ Warmmiete) to’layotgan oilani misol tariqasida oladigan bo’lsak, ular Wohngeld olishi uchun eng kamida 2500€ atrofida daromadga ega bo’lishi kerak. (Kindergeld, Elterngeld qo’shib hisoblanadi. Deylik 2000€ brutto oylik, 250€ Kindergeld va 300€ Elterngeld bilan Mindesteinkommenga erishish mumkin).
-Yuqoridagi hisob-kitoblarni uncha tushunmadim. Qayerdan o’zim uchun osongina hisob-kitob qilishim mumkin?
-Sizga qancha miqdorda Wohngeld berilishini ushbu saytdan taxminiy hisoblasangiz bo’ladi. Sayt negadur Mindesteinkommenga yetgan yetmaganingizni tekshirmaydi, uni o’zingiz hisoblashingiz kerak.
7️⃣. Leistung für Bildung und Teilhabe. Agar siz oylik daromadingiz kamligi uchun yuqoridagi Kinderzuschlag yoki Wohngeld olayotgan bo’lsangiz, qo’shimcha ravishda Bildung und Teilhabe dasturidan yordam olsangiz bo’ladi. Lekin bu yordam sizga pul ko’rinishida emas, Leistung ko’rinishida taqdim etiladi. Misol uchun, agar siz farzandingizni suzish to’gagariga yoki boshqa sport turiga, yoki bironta fandan qo’shimcha darsga bermoqchi bo’lsangiz, o’sha kurs pulini Bildung und Teilhabe dasturi to’lab berishi mumkin. Bu dasturdan asosiy maqsad, daromadi kam oilalarning farzandlariga ham boshqa bolalar qatorida teng imkoniyatlarni yaratib berish. Agar farzandingizni hech qanday kursga jo’natmasangiz, u holda ushbu dastur sizga hech qanday yordam bermaydi.
8️⃣. Wohnberechtigungsschein (WBS). Bu ham daromadi kam oilalarga yengillik yaratib berish maqsadida qilinadigan yordamlardan biri. WBS sizga o’z shahringizda arzonroq kvartira topishingizga yordam beradi. Misol uchun, Dortmund shahrida 70 kv metr kvartiralarning o’rtacha narxi 700€ Kaltmiete. Agar sizning daromadingiz kam bo’lsa (Misol uchun, 2 kishilik oila uchun yiliga 23000€ dan kam), WBS olishingiz mumkin. O’sha WBS bilan esa 70 kv metr kvartirani ancha arzon narxga olsangiz bo’ladi. Deylik 700€ emas, bor yo’g’i 400-500€ ga. Buning sababi siz WBS orqali qisman davlat tomonidan moliyalashtiriladigan kvartiradan foydalanish huquqini qo’lga kiritasiz. Ya’ni davlat qaysidur uy egalariga, tashkilotlarga yangi uylar qurishda, uylarni ta’mirlashda moliyaviy yordam beradi. Evaziga o’sha uy egalari/tashkilotlar uylarni WBS ga ega bo’lgan oilalarga bozor narxidan arzon narxga ijaraga beradi. Ya’ni siz WBS bilan o’zingiz xohlagan kvartirani ijaraga ololmaysiz, balki WBS ga ega bo’lgan oilalarga taklif qilinayotgan uylardan birini tanlashingiz kerak bo’ladi. Uy sizga yoqsa ko’chib o’tasiz, yoqmasa, o’zizga yoqadigan uy chiqquncha qidirsangiz bo’ladi. Hech kim sizni „WBS olibsan, nimaga haliyam arzon uyga ko’chmading“ deb bezovta qilmaydi. WBS narxi 10-20€ atrofida va bir yilga amal qiladi. O’sha bir yil ichida kvartira topishingiz lozim.
Yuqorida yozilganlardan tashqari boshqa moliyaviy yordamlar ham mavjud, misol uchun Bayernda Krippengeld olish mumkin yoki har bir universitetda Familienservicelar bo’ladi, talabalar o’sha yerdan ham yordam olsa bo’ladi.
Yuqorida Wohngeld, Elterngeld va Kinderzuschlag uchun qilingan hisob kitoblar taxminiy xalos. Aniq hisob-kitobni faqatgina o’z shahringizdagi tegishli tashkilot qila oladi. Chunki daromad va xarajatdan tashqari e’tiborga olinishi kerak bo’lgan boshqa holatlar ham mavjud, misol uchun xomiladorlik, nogironlik va hkz. Shuning uchun, aniq hisob-kitobni bilish uchun o’sha tashkilotlarga murojaat qilish eng to’g’ri yo’l.
E’tiboringiz uchun tashakkur. Savollar, e’tirozlar va takliflarni kommentga yozishingiz mumkin.
Muallifni va sayt xarajatlarini (Hosting, Domain) qo’llab quvvatlash : https://tirikchilik.uz/uzdeutschland
Post Muallifi : Abu Umar
Telegramdagi @uzDeutschland kanali uchun maxsus!